Chet el avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududida bo‘lish muddati 90 kundan 180 kunga uzaytiriladi. Bu Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda qabul qilgan bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartiblarini soddalashtirish haqidagi qonun loyihasida nazarda tutilgan. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun bilan Bojxona kodeksida chet el avtomobillarini olib kirish va olib chiqish tartibi o‘zgartiriladi. Bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lash muddati ham 60 kundan 120 kunga oshiriladi.

Shuningdek, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashda hisoblanadigan foizlar Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga tenglashtiriladi. Tadbirkorlar uchun bosh ta’minot summalarini kamaytirish mexanizmi ham joriy etiladi.

Litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish bo‘yicha arizalar va ularga ilova qilinadigan hujjatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali qabul qilish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Qonun loyihasi endi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq O‘zbekistonda uzoq muddat yashayotgan xorijliklarni monitoring qilish platformasi yaratilishi haqida xabar berilgandi.