Toshkentda ko‘p qavatli uylar yonidagi noqonuniy qurilmalar demontaj qilinmoqda. Bu haqda Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.

Xususan, Yunusobod tumanidagi 19-mavzeda ko‘p qavatli uylar tutash hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlarni buzish ishlari boshlandi.

Inspeksiya mutaxassislari o‘tkazgan monitoring davomida ko‘p qavatli uylar atrofida bir nechta noqonuniy qurilma aniqlangan.

Holat yuzasidan mas’ullarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilgan. Hozirda yozma talablar asosida qurilmalar buzilmoqda.

Inspeksiya ko‘p qavatli uylarning tutash hududida o‘zboshimchalik bilan qurilma qurish taqiqlanishini eslatdi. Bunday qoidabuzarlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 179-moddasi 3-qismiga muvofiq jismoniy shaxslarga 50 BHM (22 mln so‘m), yuridik shaxslarga esa 100 BHM (44 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilishi mumkin.

Avvalroq Spot poytaxt hokimligi Brasserie Park terassasini demontaj qilgani haqida yozgan edi.