Toshkentning Mirobod tumanidagi Moviy gumbazlar bog‘ida joylashgan Brasserie Park restorani vakili va kuryer o‘rtasidagi janjal aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoda restoran vakili kuryer bilan tortishayotgani aks etgan, bunga esa kuryerning restoranning piyodalar o‘tish yo‘lagida joylashgan terassasidan skuter bilan o‘tgani sabab bo‘lgan. Restoran vakili kuryerga qo‘pol so‘zlar bilan skuterini yetaklab yurishi kerakligini aytgan, kuryer esa buni to‘g‘ri tushuntirish mumkinligini bildirib, uzr so‘ragan.

Jamoatchilik vakillari restoranning yozgi ayvoni qonunchilik talablari doirasida joylashtirilganiga e’tibor qaratgach, Toshkent shahar hokimligi holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilganini ma’lum qildi.

Xususan, hududdan foydalanish talablariga rioya etilishi, piyodalarning erkin harakatlanishi ta’minlangani yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Hudud qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgan.

“Qulay shahar barpo etish — hokimlikning asosiy vazifalaridan biri. Biz shahar muhiti aholi uchun qulay bo‘lishi, tadbirkorlar esa belgilangan talablarga rioya etgan va hamshaharlar huquqlarini hurmat qilgan holda o‘z ishini rivojlantira olishi uchun intilamiz. Piyodalarning qulayligi va xavfsizligi shahar muhitini tashkil etishdagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Jamoat joylari aholi uchun ochiq bo‘lib qolishi shart”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, hokimlik aholi va tadbirkorlarning huquqlari ta’minlanishi shartligini bildirdi. Barchani o‘zaro hurmat ko‘rsatishga, belgilangan qoidalarga amal qilishga hamda bahsli masalalarni odob doirasida hal etishga chaqirdi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar IIBB 17-oktabr kuni soat 13:00 atrofida S.R. va voyaga yetmagan M.Y. o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchilik yuzasidan ma’lumot berdi.

Bu bo‘yicha S.R.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi — mayda bezorilik bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar ko‘rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.

Avvalroq Spot Toshkentning yana to‘rtta qismida avtobuslar uchun 17,9 km uzunlikdagi BRT yo‘laklari qurilishi haqida yozgan edi.