Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini tezlashtirish va shaxsiy avtomobillarga qaramlikni kamaytirish maqsadida to‘rtta yo‘nalishda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mutaxassislar jamoat transporti yo‘nalishlari o‘tadigan, umumiy uzunligi 150 km dan ortiq bo‘lgan yo‘l qismlarini tahlil qilgan. Natijada qariyb 18 km yo‘lda ishlarni boshlash tavsiya etilgan.

Loyihaga esa umumiy uzunligi 17,9 km bo‘lgan quyidagi ko‘chalar kiritilgan:

  • Muqimiy ko‘chasi — Yashnobod va Chilonzor tumanlaridagi 4,6 km qism;
  • Qoratosh va Ko‘kcha Darvoza ko‘chalari — Shayxontohur tumanidagi 4,2 km qism;
  • Parkent ko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 2,8 km qism;
  • Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi — Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 6,3 km qism.

Ushbu uchastkalarda markaziy ko‘chalarni ta’mirlash va avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar (BRT) tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun poytaxt hokimining tegishli qarori imzolangan bo‘lib, hozirda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun budjet shakllantirilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, buning uchun taxminan 6,5 mlrd so‘m talab etiladi. Xarajatlarni Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash ko‘zda tutilgan.

Loyihaning buyurtmachisi sifatida Toshkent invest kompaniyasi belgilanishi kutilmoqda. Loyihalash tashkilotlari, pudratchilar va texnik nazorat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar qonunchilikda belgilangan tartibda tanlov asosida aniqlanadi.

Qurilish ishlari boshlanishidan oldin muhandislik kommunikatsiyalari va kommunal infratuzilma tarmoqlari ko‘rikdan o‘tkaziladi. Nosozliklar aniqlansa, ular belgilangan tartibda ta’mirlanadi, ko‘chiriladi yoki almashtiriladi. Ishlar davomida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish choralari ham ko‘riladi.

Toshkent shahar hokimligi loyiha doirasida piyodalar uchun qulay yo‘nalishlar, sifatli yo‘l ko‘rsatkichlari, bekatlar va yoritish tizimiga e’tibor qaratilishini bildirdi. Yo‘l qoplamasida polimer bilan modifikatsiyalangan bitum va mustahkam chaqiqtoshli shag‘al-mastikali asfaltbeton qorishmasidan foydalanish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, bu qoplama 2023-yildan buyon poytaxtning iqlim sharoitida o‘zini oqlagan.

BRT avtobus yo‘lagi

2025-yilning 15-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev elektrobusda Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab sayohat qildi, u yerda o‘tgan hafta Mirobod va Choshtepa ko‘chalari o‘rtasidagi qariyb 7 kilometrlik yo‘l qismini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

Harakat 10 ta bo‘lakda tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 6 tasi (har tomonga uchtadan) avtomobillar uchun, ikkitasi avtoturargoh uchun va ikkitasi markaziy avtobuslar uchun mo‘ljallangan.

Shota Rustaveli ko‘chasi poytaxtda jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar tizimi (Bus Rapid Transit, BRT) joriy etilgan birinchi ko‘cha bo‘ldi. Loyiha qiymati $19,2 mln ni tashkil etdi.

Yo‘nalishning ishga tushirilishi yo‘lovchilar oqimini ikki baravardan ko‘proqqa — 2,5 mingdan 6 ming kishiga oshirish imkonini berdi. O‘rtacha harakat tezligi 23 km/soatdan 30 km/soatga, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa kuniga 40 ming avtomobilga yetdi.

Ko‘cha bo‘ylab 463 ta “aqlli” svetofor va 21 ta to‘xtash majmuasi o‘rnatildi. Rekonstruksiya doirasida ko‘chada yangi avtoturargohlar, veloyo‘laklar va yashil maydonlar paydo bo‘ldi. Sug‘orish va drenaj tizimlari yangilandi.

Joriy yilning sentabrida Toshkentdagi Shahrisabz ko‘chasida BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Loyiha doirasida 1,2 kilometrlik uchastkada jamoat transporti uchun alohida yo‘lak hamda 6 ta yangi avtobus bekati tashkil etildi.

Avvalroq Spot Toshkentda eng uzun — 10 kilometrlik yashil to‘lqin ishga tushirilgani haqida yozgan edi.