Toshkentda Kichik halqa yo‘lining 10 km qismida qatnov vaqti qisqartirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
KHAYning Beruniy ko‘chasidagi Orzu chorrahasidan Katta Darxon ko‘chasidagi Palov muzeyi’gacha bo‘lgan 10 km qismida 21 ta svetofor faoliyati o‘zaro muvofiqlashtirildi. Natijada ushbu masofani bosib o‘tish vaqti 23% ga qisqargan.
Markaz mutaxassislari mazkur yo‘l qismidagi transport oqimini o‘rganib, svetoforlarning ishlash rejimlarini qayta sozladi. Jumladan, svetofor signallarining almashinish ketma-ketligi muvofiqlashtirilib, ularning ishlash sikllari transport oqimi zichligi va har bir chorrahaning xususiyatlaridan kelib chiqib optimallashtirilgan.
Qayd etilishicha, avval ushbu masofani bosib o‘tish uchun 26 daqiqa sarflangan bo‘lsa, optimallashtirishdan keyin bu vaqt 20 daqiqani tashkil etgan. Shu tariqa, bir martalik qatnovda 6 daqiqa tejalmoqda.
O‘lchovlar transport oqimi nisbatan kam bo‘lgan vaqtda o‘tkazilgan. Optimallashtirishdan oldingi o‘lchov 25-sentabr kuni soat 12:00 da, keyingisi esa 8-oktabr kuni soat 12:40 da amalga oshirilgan.
YHTEMda ta’kidlanishicha, tirbandlik yuqori bo‘lgan vaqtlarda yo‘lga ketadigan vaqt avtomobillar oqimi va yo‘ldagi vaziyatga qarab farq qilishi mumkin.
Svetoforlar faoliyatini muvofiqlashtirishdan maqsad transport vositalarining chorrahalarda ortiqcha to‘xtashini kamaytirish, kutish vaqtini qisqartirish va harakatni ravonlashtirishdan iborat.
Yashil to‘lqin
So‘nggi vaqtlarda Toshkentda bir nechta yashil to‘lqin tizimi ishga tushirildi. Iyul oxirida Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida yangi tartib joriy etildi. Maxtumquli ko‘chasidagi kabi, ertalab markaz tomon, kechqurun esa qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimiga ustuvorlik beriladi.
Ikkinchi yashil to‘lqin Kichik halqa yo‘lining 1,7 km uzunlikdagi qismida — Bog‘ibuston ko‘chasidan Chilonzor metro bekatigacha bo‘lgan hududda ishga tushirildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi beshta nuqtadagi svetoforlarni sinxronlashtirdi. 40−60 km/soat tezlikka rioya qilinganda, ushbu yo‘l qismini to‘xtamasdan taxminan 2 daqiqa 45 soniyada bosib o‘tish mumkin. Bu svetoforlar qayta sozlanishidan oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 45% tezroq.
Avgust o‘rtalarida yashil to‘lqin joriy etilgan navbatdagi hudud Amir Temur xiyoboni bo‘ldi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, shu nomdagi ko‘cha bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar xiyobondan har ikki yo‘nalishda ham to‘xtamasdan o‘tishi mumkin. Keyinchalik yashil koridor Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab ham ishga tushirildi.
Bundan tashqari, markaz Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari kesishmasidagi (aeroport yaqinida) svetoforlarni qayta sozladi. Eng ko‘p yuklangan yo‘nalish uchun yashil chiroq yonish vaqti qariyb ikki baravarga oshirildi.
Avvalroq Spot Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida ham Yashil to‘lqin tizimi ishga tushirilgani haqida yozgan edi.