Toshkentning Farg‘ona yo‘li ko‘chasida 6 kilometrlik uchastkada “Yashil to‘lqin” tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Qo‘yliq ko‘prigidan keyin, Qo‘yliq ota maqbarasidan UzBUMgacha bo‘lgan yo‘nalishdagi 13 ta svetofor o‘zaro muvofiqlashtirildi. Tizim sutka davomida ishlaydi.

Markaz o‘tkazgan o‘lchovlarga ko‘ra, avval tig‘iz bo‘lmagan vaqtda mazkur yo‘lni bosib o‘tish 12−13 daqiqa vaqt olgan bo‘lsa, hozir qariyb 9 daqiqani tashkil etmoqda. Natijada yo‘lga sarflanadigan vaqt taxminan 25% ga qisqargan.

Yashil to‘lqin svetoforlarning doimiy yashil yonib turishini anglatmaydi. Ular haydovchi belgilangan tezlikda harakatlanganda imkon qadar ko‘proq chorrahada yashil chiroqqa to‘g‘ri keladigan tarzda muvofiqlashtiriladi.

Mutaxassislar transport oqimini kuzatib borib, zaruratga qarab svetoforlarning ish rejimini qo‘shimcha ravishda moslashtirib boradi.

“Yashil to‘lqin”

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda bir nechta yashil to‘lqin tizimi ishga tushirildi. Iyul oxirida Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining To‘ra Buva masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida yangi tartib joriy etildi. Maxtumquli ko‘chasidagi kabi, ertalab markaz tomon, kechqurun esa qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport oqimiga ustuvorlik beriladi.

Ikkinchi yashil to‘lqin Kichik halqa yo‘lining 1,7 km uzunlikdagi qismida — Bog‘ibuston ko‘chasidan Chilonzor metro bekatigacha bo‘lgan hududda ishga tushirildi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi beshta nuqtadagi svetoforlarni sinxronlashtirdi. 40−60 km/soat tezlikka rioya qilinganda, ushbu yo‘l qismini to‘xtamasdan taxminan 2 daqiqa 45 soniyada bosib o‘tish mumkin. Bu svetoforlar qayta sozlanishidan oldingi ko‘rsatkichga qaraganda 45% tezroq.

Avgust o‘rtalarida yashil to‘lqin joriy etilgan navbatdagi hudud Amir Temur xiyoboni bo‘ldi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, shu nomdagi ko‘cha bo‘ylab harakatlanayotgan avtomobillar xiyobondan har ikki yo‘nalishda ham to‘xtamasdan o‘tishi mumkin. Keyinchalik yashil koridor Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab ham ishga tushirildi.

Bundan tashqari, markaz Fitrat va Haydar Aliyev ko‘chalari kesishmasidagi (aeroport yaqinida) svetoforlarni qayta sozladi. Eng ko‘p yuklangan yo‘nalish uchun yashil chiroq yonish vaqti qariyb ikki baravarga oshirildi.


Spot avvalroq Toshkentda bir kunda 1,46 mln transport vositasi harakatlangani haqida yozgandi.