Toshkentdagi Fitrat va Geydar Aliyev ko‘chalari chorrahasida svetoforning ishlash rejimi transport oqimiga moslashtirildi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Markaz mutaxassislari chorrahadagi transport oqimini o‘rganib, avtomobillar ko‘proq to‘planadigan yo‘nalishlarni aniqladi. Shundan so‘ng svetoforning ishlash vaqti mavjud yuklamaga mos ravishda o‘zgartirildi.
Avval svetofor siklining birinchi fazasi 35 soniya, ikkinchi fazasi esa 28 soniya davom etgan. Endilikda eng gavjum yo‘nalishdagi faza davomiyligi 35 soniyadan 60 soniyagacha uzaytirildi.
Shuningdek, qarama-qarshi yo‘nalishdagi avtomobillar oldinroq to‘xtaydigan bo‘ldi. Natijada burilayotgan transport vositalari harakatni xavfsiz yakunlab, chorrahani tezroq bo‘shatishi, svetofor esa bir siklda ko‘proq avtomobilni o‘tkazishi mumkin.
O‘zgarishlardan keyin kunduzi avtomobillar navbati sezilarli qisqarib, harakat bir maromga tushgan. Chorrahadan o‘tish vaqti esa 2 daqiqagacha kamaygan.

Yaqin atrofda temiryo‘l kesishmasi joylashgani sababli poyezd o‘tayotganda harakat vaqtincha to‘xtatiladi. Shu bois chorrahada qisqa muddatga avtomobillar to‘planishi mumkin.
Hozirda mutaxassislar ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlar uchun svetoforning alohida ish rejimlarini tayyorlamoqda.
Keyingi bosqichda qo‘shni chorrahalarni yangilash va ularning svetoforlarini yagona Yashil to‘lqin tizimiga ulash rejalashtirilgan. Bu ruxsat etilgan tezlikda harakatlanayotgan avtomobillarga chorrahalardan ketma-ket yashil chiroqda o‘tish va kamroq to‘xtash imkonini beradi.
Spot, avvalroq, Toshkentda $173 mlnga yettita kogeneratsiya stansiyasi qurilishi haqida yozgandi.