Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash haqidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergan edi.

Prezidentning 10-noyabrdagi farmoniga ko‘ra, Yangi Toshkent hokimligi tashkil etiladi. Maxsus huquqiy rejim (“qumdon”) doirasida ma’muriy-hududiy birlik tuzilgunga qadar shaharni boshqarish, aholiga, ijtimoiy va infratuzilma obyektlariga xizmat ko‘rsatish hokimlik zimmasida bo‘ladi.

Yangi Toshkent hokimini prezident lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi. Shahar hududidagi hokimlik va davlat idoralari faoliyati respublika budjetidan moliyalashtiriladi.

Dastlab shahar hokimligida hokimning uchta o‘rinbosari, bosh hisobchi va yuriskonsult bilan birga 14 shtat birligi bo‘ladi. Boshqa davlat idoralari tarkibida Yangi Toshkent uchun jami 30 shtat birligi ajratiladi, jumladan:

  • soliq inspeksiyasida — 4 ta;
  • iqtisodiyot va moliya bo‘limida — 3 ta;
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limida — 2 ta;
  • investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limida — 2 ta;
  • bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limida — 2 ta;
  • oila va xotin-qizlar bo‘limida — 2 ta;
  • tibbiyot birlashmasida — 2 ta.

Vazirlar Mahkamasi 10 kun ichida Yangi Toshkent hokimligini tashkil etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqishi kerak. Kelajakdagi shaharning ma’muriy-hududiy maqomi bo‘yicha takliflar fevral o‘rtasigacha tayyorlanadi.

Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Bosh prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari shtatlar doirasida shahar hududida o‘z tuzilmalarini tashkil etadi. Buning uchun ularga bir oy muddat berildi.

Hokimlikka “Yangi Toshkent” loyiha ofisining sobiq binosi vaqtincha bepul foydalanishga beriladi.

Farmon davlat idoralari hamda davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan kompaniyalarning kelajakdagi shaharga ko‘chishiga ham taalluqli. Tadbirkorlar maxsus loyihalar asosida bino qurish uchun yerni E-auksion orqali sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Binolar foydalanishga qabul qilingach, ularni davlat tuzilmalariga uzoq muddatli ijaraga yoki muddatli to‘lov asosida berish mumkin.

Ko‘chib ketgan tashkilotlarning eski binolari E-auksionga birinchi marta 30 kun ichida qiymatining 100% ini to‘lash sharti bilan qo‘yiladi. Xaridor topilmasa, ikkinchi savdoda lot 12 oygacha muddatli to‘lov bilan sotiladi.

Keyingi har bir savdoda muddatli to‘lov muddati bir yilga uzaytiriladi. Xususiylashtirish haqidagi 28-avgust farmoniga ko‘ra, muddatli to‘lovning eng uzoq muddati 7 yil bo‘ladi.

Toshkentda davlat idoralarining sobiq binolari joylashgan yer uchastkalari xususiylashtirilgandan keyin muhofaza hududlaridan chiqariladi. Vazirlar Mahkamasiga bir oy ichida poytaxt bosh rejasiga tegishli o‘zgartishlar tayyorlash topshirildi.

Avvalroq Yangi Toshkentdan poytaxt tumanlari va viloyatlarga 100 gektardan yer ajratilishi haqida xabar berilgandi.