Markaziy bank 2026-yil oktabr oyi yakunlari bo‘yicha banklarning antifrod va antivirus ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Mazkur tizimlar orqali o‘tgan oyda kiberxavflarni aniqlash hamda ularning oldini olish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, sessiya antifrod tizimi orqali banklarda jami 3,86 mln tadan ortiq yuqori xavfli sessiya qayd etilgan bo‘lib, shundan 52,5% i yoki 2,03 mln tasi Xalq bankida aniqlangan. Keyingi o‘rinlarda Biznesni rivojlantirish banki (874,3 mingta) va Ipak Yuli Bank (161,1 mingta) joylashdi.
Yuqori xavfli operatsiyalarda cheklangan mablag‘lar hajmi 1,69 trln so‘mni tashkil etdi. Bu borada Orient Finans bank 636 mlrd so‘m bilan yetakchilik qildi. O‘zsanoatqurilishbank 613,7 mlrd so‘m bilan ikkinchi, Xalq banki esa 241,6 mlrd so‘m bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
| Bank | Sessiyalar soni | Bank | Mablag‘ (mlrd so‘m) |
| Yuqori xavfli sessiyalar | Cheklangan mablag‘lar | ||
| Xalq bank | 2 026 645 | Orient Finans bank | 636,0 |
| Biznesni rivojlantirish banki | 874 251 | O‘zsanoatqurilishbank | 613,7 |
| Ipak Yuli Bank | 161 108 | Xalq bank | 241,6 |
| Agrobank | 147 293 | Biznesni rivojlantirish banki | 82,2 |
| Trustbank | 136 102 | Uzum Bank | 50,2 |
| Davr bank | 114 082 | Asaka bank | 23,0 |
| InfinBank | 85 669 | Ipak Yuli bank | 18,1 |
| Mikrokreditbank | 84 745 | Agrobank | 6,5 |
| Asaka bank | 45 472 | InfinBank | 4,6 |
| Orient Finans bank | 40 266 | Hamkor bank | 4,5 |
Antivirus tizimi orqali foydalanuvchilarga yuborilgan xabarnomalardan so‘ng jami 257 010 ta qurilma zararli fayllardan tozalandi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ham Xalq banki yetakchi bo‘ldi — bankda 80 mingta qurilma tozalangan. Bu jami tozalangan qurilmalarning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi.
Shuningdek, Uzum Bankda 45 394 ta, Aloqa bankda esa 35 408 ta qurilma zararli fayllardan tozalangan. TOP-10 bank orasida eng past ko‘rsatkich Asakabankda qayd etilgan — 5 219 ta.
Bundan tashqari, zararli fayllar aniqlangani sababli 220 316 nafar foydalanuvchining bank ilovalaridan foydalanishi cheklangan. Bu borada Hamkor bank 69 567 nafar foydalanuvchi bilan birinchi o‘rinda turadi. Mikrokreditbankda 30 ming, Xalq bankida esa 24 709 nafar foydalanuvchining ilovadan foydalanishi cheklangan.
| Bank | Qurilmalar soni | Bank | Foydalanuvchilar soni |
| Qurilmalari tozalangan foydalanuvchilar | Foydalanishi cheklangan foydalanuvchilar | ||
| Xalq bank | 80 000 | Hamkor bank | 69 567 |
| Uzum Bank | 45 394 | Mikrokreditbank | 30 000 |
| Aloqa bank | 35 408 | Xalq bank | 24 709 |
| Mikrokreditbank | 23 452 | Agrobank | 17 032 |
| Hamkor bank | 13 377 | Ipak Yuli Bank | 12 511 |
| TBC bank | 12 996 | InfinBank | 9 540 |
| Agrobank | 10 603 | Open bank | 8 140 |
| InfinBank | 9 540 | Asia Alliance bank | 8 074 |
| Open bank | 7 348 | Orient Finans bank | 7 042 |
| Asaka bank | 5 219 | Tenge bank | 7 000 |
Markaziy bank bank tizimida kiberxavfsizlikni ta’minlash mijozlarning mablag‘lari va shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi.
Sentabr oyida regulyator tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari va tizimlari operatorlari uchun shubhali operatsiyalarni aniqlash bo‘yicha yangi talablarni belgilashni taklif qildi. Unga ko‘ra, antifrod tizimlari 24/7 ishlashi, operatsiyalarni real vaqt rejimida baholashi va shubhali holatlarda mijozdan qo‘shimcha tasdiq olishi kerak bo‘ladi. Loyiha yuzasidan jamoatchilik muhokamasi yakunlangan.
Avvalroq Spot Markaziy bank oktabrda 6 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgan edi.