O‘zbekiston va Tojikiston yuk tashish jarayonlarini tezlashtirish va O‘zbekistondan Tojikistonga eksport hajmini oshirish bo‘yicha zarur choralarni qisqa muddatda ko‘rishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov Tojikiston iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Ruxshona Nasriddinzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Tomonlar transport-logistika sohasidagi hamkorlik, o‘zaro yuk tashish hajmini oshirish, eksport va tranzit jarayonlarini soddalashtirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistondan Tojikistonga qurilish materiallarini avtomobil transportida tashish uchun olinadigan yig‘imlarni maqbullashtirish masalasi ko‘rildi.
Temir yo‘l orqali yetkazilayotgan eksport yuklarini Tojikiston hududida vagonlardan tushirishni tezlashtirish ham muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tkazish punktlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va yuk tashish uchun qulayroq shart-sharoit yaratish yuzasidan fikr almashildi.
Avvalroq O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida o‘zaro savdo 2030-yilgacha $2 mlrdga yetkazishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
