Toshkent shahri avtobuslarida 2026-yilning yanvar-oktabr oylarida yo‘l haqini to‘lamasdan yurgan yo‘lovchilarga nisbatan jami 138 780 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xususan, qoidabuzarliklarning 97 747 tasi (70,4%) 18−30 yoshdagilar, 30 533 tasi (22%) esa 16−17 yoshdagilar tomonidan sodir etilgan.
Gender kesimida erkaklar yo‘l haqini to‘lamaslik holatlarida ustunlik qiladi. Tuzilgan bayonnomalarning 75,9% i yoki 105 272 tasi erkaklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 33 508 tasi (24,1%) esa ayollarga nisbatan rasmiylashtirilgan.
Xabarda yo‘l haqini to‘lamaslik jamoat transportining moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilgan. Avtobuslarning o‘z vaqtida qatnashi, texnik holatini saqlash, haydovchilarning mehnat haqi va xizmat sifati shu mablag‘ga bog‘liq.
“Har bir yo‘lovchi avtobusga chiqqach, belgilangan tartibda yo‘l haqini to‘lashi shart. Bu ixtiyoriy tanlov emas, balki majburiyatdir”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Spot Toshkentda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan 146,5 mingta bayonnoma tuzilgani haqida yozgan edi.