Prezident Yangi Toshkent va hududlarda yuqori multiplikativ samaraga ega yirik shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni (PF-243-son, 2026-yil 10-noyabr) imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram kanalida xabar berildi.

Farmon qiymati $50 mln va undan ortiq bo‘lgan shaharsozlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Farmon ilovasida belgilangan maxsus hududlarda yirik shaharsozlik loyihalari uchun “tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.

Bu rejim doirasida loyihani amalga oshiruvchi yuridik shaxslar obyektni ijaraga berish va sotishdan olingan foydaga 1% stavkada foyda solig‘i to‘laydi. Imtiyoz muddati to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmiga bog‘liq:

  • kamida $50 mln — 5 yil;
  • kamida $100 mln — 10 yil;
  • kamida $500 mln — 15 yil.

Shuningdek, quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • $50 mln va undan yirik loyihalar doirasidagi obyektlar 20 yilga mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi;
  • bosh pudratchi va bosh loyiha tashkiloti O‘zbekistonda faoliyat yuritmaydigan xorijiy shaxslardan sotib oladigan xizmatlar QQSdan ozod qilinadi;
  • 2040-yil 1-yanvargacha investorlarning loyiha doirasida olgan dividendlari O‘zbekistonda qayta investitsiya qilinsa, soliqdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga berilgan barcha vakolat va imtiyozlar boshqa maxsus hududlarni barpo etishga mas’ul direksiyalarga ham tatbiq etiladi.

Jumladan, direksiyalar hududni rivojlantirish rejalari bo‘yicha talablarni, sotiladigan yer uchastkalaridagi obyektlarga qo‘yiladigan talablarni va har bir loyiha uchun texnik shartlarni mustaqil belgilay oladi.

Avvalroq Spot Yangi Toshkentga ilk aholi 2027-yildan ko‘chib kela boshlashi mumkinligi haqida yozgan edi.