2026-yil 10-noyabr kuni O‘zbekistonda 249,2 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Bu o‘tgan yilning shu kuniga nisbatan 6,5 mln kVt·soat yoki 2,5% ga kam. 2025-yil 10-noyabrda mamlakatda 255,7 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Elektr energiyasining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari (IES) hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularda 206,2 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,1% ga kam (222 mln kVt·soat).

Gidroelektr stansiyalarda (GES) ishlab chiqarish 42,9% ga oshib, 19 mln kVt·soatni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu kunida bu ko‘rsatkich 13,3 mln kVt·soat bo‘lgan.

Shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarish qariyb 6 baravar oshib, 18,1 mln kVt·soatga yetdi (2025-yilda 2,6 mln kVt·soat). Quyosh elektr stansiyalarida esa ishlab chiqarish 80,4% ga kamayib, 2,9 mln kVt·soatni tashkil etdi (14,8 mln kVt·soat).

Shuningdek, blok stansiyalarda 3 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 7,1% ga ko‘p. Kichik quvvatli quyosh panellari orqali ishlab chiqarish esa 0,1 mln kVt·soat darajasida saqlanib qoldi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining kamayishi, avvalo, unga bo‘lgan talab pasaygani bilan bog‘liq.

Xususan, 2025-yilning shu kunida havo harorati ancha past bo‘lgani sababli binolarni isitishga elektr energiyasiga ehtiyoj yuqoriroq bo‘lgan.

Joriy yilning 10-noyabr kuni esa iliqroq ob-havo sharoitida elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu kuniga nisbatan 8,5% ga kamaygan.


Avvalroq Energetika vazirligi elektr energiyasi ishlab chiqarish statistikasidagi tafovutlarni tushuntirgandi.