Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l kompaniyasi qurilish sohasi mutaxassislarini Germaniyada ishlashga taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Nomzodlar Germaniyada ish boshlashdan oldin Toshkentda tashkil etiladigan sakkiz oylik nemis tili kursida qatnashishi kerak. Kurs xarajatlari Deutsche Bahn tomonidan qoplanadi. Ta’lim yakunida ishtirokchilar nemis tilidan B1 darajasidagi imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi lozim.

Taklif etilayotgan ish o‘rinlarida brutto oylik maosh 3418,84 yevrodan boshlanadi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan keyin qo‘lga tegadigan oylik taxminan 2300−2400 yevroni tashkil etadi.

Bundan tashqari, xodimlarga ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlari va bayramlarda ishlaganlik uchun qo‘shimcha haq to‘lanadi. Yiliga 30 kunlik haq to‘lanadigan ta’til ham beriladi.

Kompaniya xodimlarga Germaniyada uy-joy topish va ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida yordam beradi. Shuningdek, ichki malaka oshirish dasturlari orqali kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyati yaratiladi.

Ish yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • temir yo‘l platformalari, vokzallar va boshqa temir yo‘l inshootlarini ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish;
  • g‘isht terish, qolip o‘rnatish, betonlash va boshqa qurilish ishlari;
  • poydevorlar hamda yer osti inshootlarini qurish;
  • qoziq qoqish, burg‘ilash va ustunlarni o‘rnatish;
  • geodezik o‘lchash ishlarini bajarish;
  • turli qurilish maydonlarida jamoa tarkibida ishlash.

Dasturda qatnashish uchun bino va inshootlar qurilishi, yer osti obyektlari qurilishi, beton ishlari yoki yo‘l qurilishi kabi yo‘nalishlarda kasbiy ta’lim olgan bo‘lish kerak. Qurilish maydonlarida ish tajribasi, amaliy ko‘nikmalar va texnik bilimlar ustunlik beradi.

Shuningdek, nomzodlardan o‘rganishga tayyorlik, jamoada ishlash qobiliyati va jismoniy mehnatga layoqatlilik talab etiladi.

Turli qurilish maydonlarida ishlash va zarur hollarda obyektlarda tunab qolishga ham tayyor bo‘lish lozim. B toifali haydovchilik guvohnomasi afzallik hisoblanadi. Nemis tilini oldindan bilish majburiy emas.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Qo‘shimcha maʼlumotlarni Migratsiya agentligining +998712023355 telefon raqami orqali olish mumkin.

Muhim: Hujjat topshirishda ta’limga oid hujjatlar, jumladan, maktab attestati va baholar ilovasi, mavjud bo‘lsa, o‘rta maxsus yoki oliy ta’lim diplomi va uning ilovasi, rezyume, ish tajribasini tasdiqlovchi hujjatlar, pasport hamda haydovchilik guvohnomasi tizimga yuklanishi kerak.


Avvalroq Spot o‘zbekistonliklar Yaponiyada oshpazlikka o‘qitilib, ishga jalb qilinishi haqida yozgandi.