Rossiyada ishlayotgan xorijiy fuqarolar 2027-yil 1-yanvardan boshlab mamlakat hududida yashayotgan har bir ishlamaydigan oila a’zosi uchun soliq to‘laydi.

Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari, xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish xizmati rahbari Andrey Kikot prezident Vladimir Putinga hisobot berish chog‘ida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur chora davlat migratsiya siyosati konsepsiyasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, migrantlarning ishlamaydigan oila a’zolari Rossiyada bo‘lish muddatini cheklashga qaratilgan.

Kikot migrant bolalarini maktablarga qabul qilish bo‘yicha hukumat tomonidan joriy etilgan talablar natijasida ishlamaydigan oila a’zolari soni 20 foizga kamayganini bildirdi. Ularning soni avval 1,7 mln kishini tashkil etgan.

Shuningdek, Rossiyada xorijiy ishchilarni maqsadli va tashkillashtirilgan tartibda yollash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Tegishli qonun loyihasi hozirda hukumat bilan kelishish jarayonida.

Yangi tizimga ko‘ra, ish beruvchi migratsiya xizmatiga ishchi kuchiga ehtiyoj bo‘yicha ariza beradi. Maxsus operator xorijiy ishchilarni tanlab, Rossiyaga olib keladi.

Yirik va o‘rta biznes vakillari esa yollangan xodimlarni turar joy bilan ta’minlashi hamda ish joyigacha transport xizmatini tashkil etishi shart bo‘ladi. Mehnat shartnomasi yakunlangach, migrant o‘z vataniga qaytishi kerak.


Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar uchun daromad solig‘ini oshirish taklif qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek, soliq to‘lamagan xorijliklarni mamlakatdan deportatsiya qilish taklifi ham ilgari surilmoqda.