Toshkent aeroportida xorijdan olib kirilayotgan telefonlarning bojxona rasmiylashtiruvi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qo‘mita so‘nggi vaqtlarda IMEI kodlarini soxtalashtirish, boshqa qurilmalarga tegishli identifikatorlardan foydalanish va bir telefon ma’lumotlarini boshqa qurilmalarni qonuniylashtirish uchun ishlatish holatlari aniqlanganini bildirdi. Bunda bojxona chegarasidan mobil qurilmalarni olib o‘tishda murakkab qonunbuzilish sxemalari orqali bojsiz olib kirish me’yoridan foydalanishga urinishlar ko‘paygan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil boshidan buyon Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tomonidan 185 ta holatda qiymati 8,8 mlrd so‘mlik 1 185 ta mobil qurilmaning noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.

Bojxona qo‘mitasi IMEI-1 va IMEI-2 kodlarining bitta qurilmaga tegishliligini tekshirish hamda ushbu kodlar bo‘yicha avval tarmoq hodisasi sodir bo‘lganini aniqlash maxsus bilim va ixtisoslik talab qilishini qayd etdi.

Hozirda Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan olib kirilayotgan mobil qurilmalarning bojxona rasmiylashtiruvi ularning IMEI identifikatorlarini aniqlash va qonuniy olib kirilganini tasdiqlash bilan bog‘liq ayrim masalalarga oydinlik kiritilguniga qadar vaqtincha to‘xtatildi.

Shu sababli, tegishli idoralar bilan hamkorlikda mobil qurilmalarni tekshirish va rasmiylashtirish tartiblarini aniqlashtirish bo‘yicha tadbirlar belgilandi.

Qo‘mita vaziyatga qisqa muddatlarda oydinlik kiritilib, bojxona rasmiylashtiruvi belgilangan tartibda davom ettirilishini bildirdi. Shuningdek, korrupsiyaviy holatlar yoki savollar yuzasidan 11−08 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.

Nima bo‘ldi?

10-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan olib kelinayotgan qiymati $1000 dan yuqori bo‘lgan iPhone va boshqa smartfonlar ekspertizadan o‘tkazish uchun 30 kungacha vaqtincha saqlovga olinayotgani hamda ekspertizasiz bir kun ichida rasmiylashtirish uchun qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Qayd etilishicha, IMEI-kodlar ustidan nazorat tadbirlari 6-noyabrdan boshlangan.

Oblako nashrining yozishicha, foydalanuvchilar IMEI’ni rasmiylashtirish uchun ikki variant taklif etilayotganini aytmoqda: smartfonni $150 evaziga 30 kungacha ekspertizaga qoldirish yoki bir kunda rasmiylashtirish uchun $400−1100 to‘lash. Tezlashtirilgan xizmat narxi qurilma modeliga bog‘liq.

Telegramdagi Rastamojka kanali qo‘shimcha ekspertiza barcha qimmat telefonlarga yoki faqat IMEI-kodida shubhali holatlar aniqlangan qurilmalarga nisbatan qo‘llanishi masalasiga aniqlik kiritish zarurligini ta’kidladi. Kanal telefonlarni 30 kungacha vaqtincha olib qo‘yish fuqarolarga noqulaylik tug‘dirishi mumkinligini qayd etdi.

Shuningdek, kanal telefonlarni bojxona orqali olib kirish va IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish tartibida qonunchilikka zid holatlar borligini qayd etdi. Kanalga ko‘ra, Bojxona kodeksi belgilangan me’yor doirasida olib kirilgan shaxsiy tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz rasmiylashtirishga imkon beradi.

Biroq quyi turuvchi hujjatlar telefonlar uchun majburiy yozma deklaratsiya talab qiladi. Deklaratsiya bo‘lmasa, IMEI ro‘yxatidan o‘tkazishda telefonning to‘liq qiymatidan 30% bojxona to‘lovi hisoblanishi mumkin.

2024-yil 28-yanvardan boshlab jismoniy shaxslar telefon olib kirishda, qiymati va sonidan qat’i nazar, bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi shart.

Havo transportida har bir yo‘lovchi ikki dona telefonni umumiy qiymati $2000 dan oshmagan holda bojsiz olib kirishi mumkin. Poyezdda bu limit $1000, avtomobilda esa $300 etib belgilangan. Belgilangan qiymatdan oshgan qism uchun 30% boj undiriladi.

So‘nggi kunlarda Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona postida qiymati qariyb 310 mln so‘m bo‘lgan 20 ta smartfonni noqonuniy olib kirishga urinish aniqlandi. Ushlangan qurilmalar iPhone’ning so‘nggi rusumlariga mansub. Ular bo‘yicha bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.

Yana bir holatda esa Toshkent-AERO IBK bojxona xodimlari yo‘lovchilar yuklarini tekshirish davomida belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmagan va jismoniy shaxslar uchun bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiq bo‘lgan telefonlarni aniqladi.

Ular orasida 9 dona iPhone 18 Pro Max, 5 dona iPhone 17, shuningdek, iPhone va Samsung rusumidagi boshqa qurilmalar bor. Ayrim yo‘lovchilar o‘zlariga tegishli bo‘lmagan, boshqa shaxslar tomonidan berib yuborilgan telefonlarni ham olib o‘tishga uringan.

Avvalroq Toshkent aeroportida 8 ta iPhone 18 va 6 ta iPhone 17 ni yashirincha olib kirayotganlar ushlangani haqida xabar berilgandi.