10-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasi majlisida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Ansabxon Zokirovga parlament so‘rovi yuborish taklifi ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Unda sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish, raqamlashtirish va korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tushuntirish berish so‘ralmoqda.
Deputat Nodira Jonibekovaning ma’lum qilishicha, parlament so‘rovi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan tayyorlangan.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash, savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish maqsadida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash tizimlari isloh qilinmoqda. Biroq o‘rganishlar sohada qator muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, texnik jihatdan tartibga solish sohasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va bartaraf etish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagan. Shuningdek, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Deputat standartlar bazasining eskirganiga ham e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda amalda bo‘lgan 33 mingdan ortiq standartning qariyb 50% i eskirgan yoki xalqaro talablarga mos kelmaydi.
“Bu holat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Zero, texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga to‘liq mos bo‘lishi a’zolikning asosiy shartlaridan biridir”, — dedi Jonibekova.
Parlament so‘rovida agentlik rahbaridan to‘rtta asosiy masala bo‘yicha asoslantirilgan tushuntirish berish so‘ralmoqda. Biroq majlisda ular o‘qib eshittirilmadi.
Jonibekovaning qayd etishicha, ushbu masalalar barcha fraksiyalarda muhokama qilingan va parlament so‘rovi yuborish taklifi ma’qullangan. Deputat parlament so‘rovini agentlik direktoriga yuborish taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
2025-yilning dekabr oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlayotganiga qaramay, jarayon cho‘zilayotganini bildirgandi. U jarayonni kechiktirmaslikka chaqirib, barcha masalalarni muhokama qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Joriy yilning iyul oyida Urunov mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha Ishchi guruhining 13-yig‘ilishida O‘zbekiston 2026-yilda jarayonni yakunlashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilgan va jarayon yakuniy bosqichga o‘tmoqda.
Hozirga qadar 34 ta ikki tomonlama bayonnomadan 31 tasi JST kotibiyatiga topshirilgan. Shu bilan birga, ayrim qonun hujjatlarini qabul qilish kutilganidan sekinroq kechayotgani qayd etildi.
