O‘zbekiston 2026-yilda Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov mamlakatning tashkilotga qo‘shilishi bo‘yicha Ishchi guruhining 13-yig‘ilishida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi yig‘ilishdan buyon muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erishilgan. JST a’zolari tomonidan yuborilayotgan yozma savollar sonining qisqargani ham buning isboti bo‘la oladi.
“Biz buni JST a’zolarining xavotirlari asta-sekin bartaraf etilayotgani va qo‘shilish jarayoni ancha rivojlangan bosqichga yetganining muhim belgisi deb hisoblaymiz”, — dedi Urunov.
Bosh muzokarachi O‘zbekiston JST kotibiyati bilan birgalikda Ishchi guruh hisoboti loyihasi ustida ishlashni davom ettirayotganini ta’kidladi. Tashkilotga a’zo mamlakatlarning fikr-mulohazalari va takliflari hujjatning yangi tahrirlarini tayyorlashda inobatga olinmoqda, bu esa hal etilmagan masalalar sonini bosqichma-bosqich kamaytirish imkonini beradi.
Uning qayd etishicha, muzokaralar endilikda pozitsiyalarni tushuntirish bosqichidan yakuniy bosqichga o‘tmoqda.
“Endi qolgan majburiyatlarni kelishib olish, avvaldan kelishilgan normalarni yagona hujjat loyihasiga kiritish, qolgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish va qo‘shilish jarayonini yakunlashga e’tibor qaratish zarur”, — dedi u.
Urunov muzokaralarning boshqa asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ham sezilarli yutuqlarga erishilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Keyns guruhi a’zolari bilan qishloq xo‘jaligini ichki qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini muhokama qilish yakuniy bosqichda, qolgan masalalar esa ishchi tartibda hal qilinishi mumkin.
Bozorlarga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar ham deyarli yakunlandi. So‘nggi muhim bosqich Hindiston bilan tegishli bayonnomani imzolash bo‘ldi. Bugungi kunda imzolangan 34 ta ikki tomonlama bayonnomadan 31 tasi JST kotibiyatiga topshirilgan.
O‘tgan majlisdan buyon O‘zbekiston JST qoidalariga muvofiqlashtirilgan qonun hujjatlari sonini 190 dan oshirdi.
Urunovning ta’kidlashicha, eng katta yutuqlarga sanitariya va fitosanitariya choralari (SPS) va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida erishilgan. Xususan, yagona Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etilib, “daladan dasturxongacha” bo‘lgan barcha bosqichlarda xavflarni baholash asosida nazorat tizimi joriy etilmoqda, “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risida"gi yangilangan qonun loyihasi Senat muhokamasiga kiritildi.
Bundan tashqari, antidemping, kompensatsiya va maxsus himoya choralari to‘g‘risidagi qonunlar loyihalari jiddiy qayta ishlandi. Bosh muzokarachining so‘zlariga ko‘ra, hujjatlar JST kelishuvlariga muvofiqlashtirilgan, ularning normalari yanada aniqroq va prognoz qilinadigan shaklga keltirilgan, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlarning e’tirozlarini hisobga olgan. Qonun loyihalarining yangilangan tahriri o‘tgan hafta JST a’zolariga yuborilgan edi.
Azizbek Urunov O‘zbekiston 2026-yilda a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash uchun JST a’zolari bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini tasdiqladi.
“O‘zbekiston ushbu maqsadga 2026-yilda erishish uchun JSTning har bir a’zosi bilan faol va konstruktiv ishlashga to‘liq sodiq qoladi”, — dedi prezident vakili.
Qonunchilik ishlari sekin ketmoqda
O‘z navbatida, Ishchi guruh raisi Sun Yo Chxvening ta’kidlashicha, 31 ta ikki tomonlama bozorga kirish to‘g‘risidagi bitimlar, jumladan, yaqinda Hindiston bilan imzolangan bitim allaqachon kotibiyatga topshirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarning bu yo‘nalishi “yakunlanishiga juda yaqin”.
Ishchi guruh a’zolari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va yanada shaffof va prognoz qilinadigan ishbilarmonlik muhitini yaratishni olqishladi.
Shu bilan birga, ular qonun hujjatlarining bir qismini qabul qilish kutilganidan sekinroq ketayotganini ta’kidladi, shuningdek, valyutani tartibga solish, import tartib-taomillari, investitsiya siyosati, raqobat va savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha qo‘shimcha savollar berdi.
Ishchi guruh raisi zarur hujjatlar tarqatilgandan so‘ng keyingi yig‘ilishni kech kuzda o‘tkazishga umid bildirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Hindiston bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani haqida yozgan edi.