O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv xizmatlaridan qarzdor iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilishda cheklov joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 30-oktabr kuni O‘zsuvta'minot tomonidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Telegram’dagi Rasmiy axborot kanali.
Amaldagi tartibga ko‘ra, iste’molchilar suv to‘lovlarini keyingi oyning 10-sanasigacha to‘liq to‘lashi shart. Agar qarzdorlik yuzaga kelsa, fuqaroga ogohlantirish berilib, to‘lovni amalga oshirish uchun 5 kun muddat ajratiladi. Shundan so‘ng ham qarz to‘lanmasa, xizmat ko‘rsatish cheklanadi.
Yangi qoidalarga asosan, ogohlantirishdan keyin ham qarzdorlik bartaraf etilmasa, uni undirish masalasi notarial yoki sud tartibida hal qilinadi. Xususan:
- Qarz miqdori bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1000 baravarigacha (440 mln so‘m) bo‘lsa — notarius orqali;
- BHMning 1000 baravaridan yuqori bo‘lsa — sud orqali undiriladi.
Shundan so‘ng ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosiga (MIB) yuboriladi. Agar MIB hujjatlari bo‘yicha ham majburiyat bajarilmasa, iste’molchining elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati tizim tomonidan cheklab qo‘yiladi.
Ta’kidlanishicha, mazkur qat’iy tartib “Ijtimoiy reyestr"ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga nisbatan tatbiq etilmaydi. U 2027-yil 1-yanvardan amal qila boshlaydi.
Tariflar oshiriladi
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, xizmatlar tannarxiga elektr, ta’mirlash, ish haqi va jalb qilingan kreditlar bo‘yicha xarajatlar bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Xususan, elektr narxi 2023-yildan buyon uch marta oshib (450 so‘mdan 1 100 so‘mgacha), so‘nggi uch yil ichida elektr bo‘yicha xarajatlar 2,4 barobarga ko‘paygan.
Hozirda mamlakatda aholi uchun ichimlik suvining o‘rtacha tarifi 1 kub metr uchun QQS bilan 4 217 so‘mni, oqova suv xizmati esa 2 008 so‘mni tashkil etmoqda. 27-oktabr holatiga ko‘ra, oltita korxonada yangi tariflar tasdiqlangan:
- Surxondaryo viloyatida — 5 300 so‘mdan 6 800 so‘mga;
- Navoiy viloyatida — 3 500 so‘mdan 4 200 so‘mga;
- Samarqand viloyatida — 2 800 so‘mdan 3 600 so‘mga;
- Toshkent viloyatida — 2 600 so‘mdan 3 100 so‘mga;
- Andijon viloyatida — 1 650 so‘mdan 2 500 so‘mga;
- Chimyon-Chorbog‘ magistral suv tarmog‘ida — 1 500 so‘mdan 1 700 so‘mga.
Ta’kidlanishicha, 2027-yil 1-yanvardan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga o‘tkaziladi. Endilikda tariflar har bir hududda alohida emas, balki yagona va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, 2027-yil 1-apreldan byudjet tashkilotlari uchun yagona tarif joriy etish belgilangan.
Qarzdorlik
2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zsuvta'minot tizimida iste’molchilarning jami qarzdorligi 542,6 mlrd so‘mga yetgan. Shundan 430,7 mlrd so‘mi aholi, 111,8 mlrd so‘mi yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Qarzdorlik eng yuqori bo‘lgan hududlar qatoriga Toshkent shahri (92,9 mlrd so‘m), Andijon (74,1 mlrd so‘m), Toshkent (61,6 mlrd so‘m) va Farg‘ona (57 mlrd so‘m) viloyatlari kiradi. Joriy yilda qarzni undirish bo‘yicha 110 mingdan ortiq hujjat Majburiy ijro byurosiga yuborilgan.
2025-yilning 1-avgustidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatila boshlangandi. Chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha SMS-xabarnoma yuborilib, qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim.
Avvalroq 2028-yildan boshlab aholi uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-maydan inflyatsiyaga qarab indeksatsiya qilish taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.