O‘zbekneftgaz Xitoyning CNPC kompaniyasi va uning sho‘ba korxonasi PetroChina bilan benzin va dizel yoqilg‘isi yetkazib berish, shuningdek, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida (BNQIZ) qayta ishlash uchun neft va gaz kondensati importini oshirish masalalarini muhokama qilmoqda. Bu haqda 27-oktabr kuni davlat kompaniyasi boshqaruvi raisining sanoat kooperatsiyasi va IT bo‘yicha o‘rinbosari Farid Mo‘minov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.

Mo‘minovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar import manbalarini diversifikatsiya qilish va ichki bozorni neft mahsulotlari bilan ta’minlashdagi uzilishlar xavfini kamaytirishga qaratilgan. Yetkazib berish hajmlari mamlakat ichidagi talabdan kelib chiqib belgilanadi.

“Gap oktan soni 92 va undan yuqori bo‘lgan benzin haqida ketmoqda”, — deya aniqlik kiritdi O‘zbekneftgaz raisi o‘rinbosari.

CNPC bilan muzokaralar

20-oktabr kuni O‘zbekneftgaz boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov CNPC prezidenti Chjou Sinxua boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tomonlar ichki bozorni uzluksiz ta’minlash uchun neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni tashkil etish imkoniyatlarini, shuningdek, neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi.

Davlat kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, CNPC bilan hamkorlikning umumiy hajmi $1 mlrd dan oshgan. Ushbu summaga import shartnomalari, servis xizmatlari va qo‘shma loyihalar kiradi.

Uchrashuvda neft mahsulotlari yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish, uzoq muddatli hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish va tegishli kompaniyalar o‘rtasidagi muvofiqlashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Bundan tashqari, CNPC kompaniyasining Toshkentda doimiy vakolatxonasini ochish imkoniyati ko‘rib chiqildi.


Avvalroq Spot O‘zbekneftgaz Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini o‘z tasarrufiga qaytarishni taklif qilmagani haqida yozgandi.