O‘zbekneftgaz va China National Petroleum Corporation (CNPC) O‘zbekiston ichki bozorini uzluksiz ta’minlash uchun neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kompaniya boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginovning CNPC prezidenti Chjou Sinxua boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni jadallashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekneftgaz ma’lumotlariga ko‘ra, CNPC bilan hamkorlikning umumiy hajmi $1 mlrd dan oshgan. Ushbu summaga import shartnomalari, servis xizmatlari va qo‘shma loyihalar kiradi.

Tomonlar burg‘ilash, geologik qidiruv, seysmik qidiruv, qatlamlarning gaz berish samaradorligini oshirish, raqamlashtirish, loyihalash va uskunalar yetkazib berish yo‘nalishlaridagi hamkorlik natijalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, Xibu, BGP, CCDC va CNLC kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar sohaning texnologik salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

cnpc, neft mahsulotlari, o'zbekneftgaz, xitoy

Shuningdek, M-25 konidagi avariya oqibatlarini bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Loyiha doirasida bosimni pasaytiruvchi quduqlarni burg‘ilash rejalashtirilmoqda.

Tomonlar neft mahsulotlarini yetkazib berish manbalarini diversifikatsiya qilish masalasini ham muhokama qildi. Ular uzoq muddatli yetkazib berish mexanizmlarini ishlab chiqish va tegishli kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Bundan tashqari, uchrashuvda CNPC kompaniyasining Toshkentda doimiy vakolatxonasini ochish va qo‘shma loyihalarni muvofiqlashtirish uchun ma’muriy infratuzilma yaratish taklifi ilgari surildi.

Tomonlar, shuningdek, soha uchun muhandis-texnik mutaxassislar tayyorlash maqsadida I. M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filialini qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qildi.


Avvalroq Spot rezident Uzbekistan GTL naftasidan polimer ishlab chiqarish bo‘yicha $1,5 mlrd lik loyiha taklif qilgani haqida yozgandi.