16-oktabr kuni Fransiyaning FEDIDA ASSOCIES advokatlik firmasi mijozi — Anorbank kuzatuv kengashi a’zosi va bank aksiyalarining 49,4% iga egalik qiluvchi Qahramonjon Olimov nomidan bayonot e’lon qildi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, 2025-yil iyun oyida uni Parijda o‘g‘irlab ketishgan va qiynoqqa solishgan, keyinchalik esa unga qarshi iqtisodiy, huquqiy va obro‘sini to‘kishga qaratilgan bosim kampaniyasi boshlangan.

“So‘nggi o‘n sakkiz oy ichida men va oilam bir qator hujumlarga duchor bo‘ldik, ular, nazarimda, jinoiy va g‘ayriqonuniy xarakterga ega. Men yolg‘on ma’lumotlarni rad etish va bo‘lib o‘tgan voqealar haqidagi bor haqiqatni bayon qilish maqsadida ushbu bayonotni e’lon qilmoqdaman”, — deyiladi bayonotda.

Olimovning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil 24-iyun kuni uni Parijda o‘g‘irlab ketib, ikki kun davomida tutqunlikda saqlashgan va qiynoqqa solishgan, so‘ngra ozod qilish evaziga tovon puli to‘lashga majbur qilishgan.

Uning ma’lum qilishicha, Fransiya politsiyasi olib borgan tergov natijasida besh kishi hibsga olingan va sudgacha qamoqda saqlanmoqda, yana ikki kishi esa sud nazorati ostiga olingan.

Olimovning ta’kidlashicha, Fransiya sud tizimi jinoyat ishi qo‘zg‘atishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, garov evaziga ozod qilish haqidagi iltimosnomalar esa rad etilgan.

“O‘zim odam o‘g‘irlash jinoyati qurboni bo‘lganimga qaramay, O‘zbekiston tomonidan odam o‘g‘irlashda ayblanib, Interpolning qizil xabarnomasi orqali xalqaro qidiruvga berilganim kabi bema’ni holat so‘nggi provokatsiya bo‘ldi”, — dedi Olimov.

U xabarnoma Interpol saytidan allaqachon o‘chirib tashlanganini qo‘shimcha qilib, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi va ular bo‘yicha sudda da’vo qilayotganini bildirdi.

Olimov Fransiya va O‘zbekiston sud tizimlariga ishonishini hamda aybdorlar o‘z jazosini olishiga amin ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqeaga aloqador shaxslarning xatti-harakatlari O‘zbekistonning obro‘siga putur yetkazadi va Shavkat Mirziyoyevning “qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, mahalliy va xalqaro investorlar uchun ochiq bo‘lgan zamonaviy hamda farovon O‘zbekiston” haqidagi qarashlariga zid keladi.

Nima sodir bo‘ldi?

Sentabr oyi oxirida O‘zbekiston Qahramonjon Olimovni xalqaro qidiruvga berganini e’lon qildi. Interpol saytida qizil bildirishnoma joylashtirilgan, biroq unda qidiruvga berish sababi ko‘rsatilmagan. Keyinchalik bildirishnoma tashkilot saytidan yo‘qoldi.

Qizil bildirishnoma xalqaro hibsga olish orderi hisoblanmaydi: shaxsni qo‘lga olish to‘g‘risidagi qaror muayyan mamlakat qonunchiligiga muvofiq qabul qilinadi.

Yaqin vaqtgacha Olimov Anorbankning 99,4% aksiyasiga bevosita egalik qilgan, biroq 2025-yil dekabr oyida aksiyalarning nazorat paketini Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan Bekamin B.V. kompaniyasiga o‘tkazgan. Natijada uning bankdagi ulushi 99,4% dan 49,4% gacha kamaygan.

Anorbank avvalroq Spot’ga bergan izohida alohida aksiyadorning shaxsiy hayotiga oid holatlar bank faoliyati, kapitali, boshqaruvi yoki bank operatsiyalariga aloqador emasligini bildirgan edi.

Markaziy bank ham alohida aksiyador bilan bog‘liq vaziyat Anorbankʼning joriy operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligiga bevosita taʼsir ko‘rsatmasligini maʼlum qildi.

Regulyatorning xabar berishicha, bank depozit, kredit, to‘lov va boshqa xizmatlarni uzluksiz taqdim etishda davom etmoqda, mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarmoqda va faoliyat uzluksizligini ta’minlamoqda.

2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, Anorbank aktivlari 21,4 trln so‘mni, majburiyatlari esa 19,8 trln so‘mni tashkil etdi.


Avvalroq Spot tadbirkor Mo‘minjon Yo‘ldoshev xalqaro qidiruvga berilganiga izoh bergani haqida yozgandi.