Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni Yangi Qarshi shahrini barpo qilish hamda Qarshi magistral kanali bo‘yida turizm majmuasini tashkil etish loyihalari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi shahar uchun Samarqand — G‘uzor yo‘nalishidagi A-378 va Shahrisabzga olib boruvchi 4R-79 avtomobil yo‘llari oralig‘idagi past bonitetli, foydalanilmayotgan cho‘l va yaylov yerlaridan 5200 gektar maydon tanlangan.

Dastlabki bosh reja 500 ming aholiga mo‘ljallangan. Davlat rahbari shaharni istiqbolda 1 mln aholi yashaydigan, Qarshiga zamonaviy muqobil bo‘ladigan yirik markaz sifatida rejalashtirish zarurligini ta’kidladi.

Yangi shaharga viloyat hokimligi va boshqa davlat idoralarini ko‘chirish ko‘zda tutilgan. Bu yerda kongress-xoll, konsert zallari va mehmonxonalar qurilib, xalqaro forumlarni qabul qila oladigan turizm markazi tashkil etiladi.

Prezident aeroport va temir yo‘l vokzalini yangi shahar bilan bog‘laydigan elektr jamoat transporti, zarurat bo‘lsa, yerusti metro qatnovini yo‘lga qo‘yish masalasini ham ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi.

Taqdimotda Qarshi magistral kanali bo‘yidagi turizm majmuasi loyihasi ham ko‘rib chiqildi.

Yangi Nasaf ekomajmuasi loyihasi doirasida 3 km sayilgoh tashkil etish uchun 235 gektar yer ajratilgan. Loyiha to‘rt bosqichda amalga oshirilib, dastlab 30 gektarda hunarmandlar shaharchasi va turizm hududi barpo etiladi.

Majmuada mehmonxonalar, restoran va do‘konlar, muzey, akvapark, bolalar o‘yin maydonchalari hamda qayiqlar suzishi uchun sun’iy ko‘l qurilishi rejalashtirilgan.

Prezident yangi shahar va turizm majmuasining bosh rejalarini nufuzli xorijiy loyihalash va arxitektura kompaniyalarini jalb qilgan holda puxta ishlab chiqish, bunda xavfsizlik, qulaylik, hamyonboplik va “aqlli” shahar tamoyillariga tayanishga topshiriq berdi.

Avvalroq Spot Qashqadaryoda 200 ming kishini daromadli qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.