Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.

Qashqadaryo aholisi ko‘paygani sari zamonaviy uy-joylarga talab ortayotgani qayd etildi. Shu bois, viloyatda Yangi Qarshi shahri barpo etilishi ma’lum qilindi.

Shahar Qarshi shahri, Ko‘kdala va Qarshi tumani chegarasidagi 5 ming gektar maydonda joylashib, 500 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Bundan tashqari, Qarshi tumanidagi kanal bo‘yida 235 gektarlik Yangi Nasaf ekomajmuasining qurilishi boshlanadi.

Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilg‘or shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 mlrd so‘m ajratiladi. Yangi hududlarda ko‘p qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar “yashil” va “aqlli” shahar tamoyillari asosida quriladi.

Viloyatda ko‘chat ekish va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha ham Qashqadaryo tajribasi yaratiladi. Har yili Navro‘z arafasida Eng yashil mahalla tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Avvalroq Spot prezident Uzbekistan GTL naftasidan polimer ishlab chiqarish bo‘yicha $1,5 mlrd lik loyiha taklif qilgani haqida yozgan edi.