Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Unda Qarshidagi traktor zavodida agrodronlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, hududda yil yakunigacha oltita sanoat klasteri tashkil etish va erkin iqtisodiy zona filiallarini ochish rejalashtirilgani xabar berildi.

Shuningdek, yig‘ilishda xususiylashtirishga tayyorlanayotgan Uzbekistan GTL zavodida olinadigan 430 ming tonna nafta asosida yangi polimerlar va neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati $1,5 mlrd lik loyihani amalga oshirish taklif etildi.

Qayd etilishicha, zavodda umumiy qiymati $300 mln bo‘lgan uchta yirik loyiha ham tayyorlangan.

Bundan tashqari, xususiylashtirilgan Dehqonobod kaliy zavodining ishlab chiqarish quvvatini yiliga 365 ming tonnadan 600 ming tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Kichik tonnajli kimyo sanoati sohasida esa qiymati $830 mln lik 30 dan ortiq loyiha taklifi tayyorlangan.

Umuman olganda, mas’ul shaxslarga qiymati $20 mlrd bo‘lgan loyihalar va 50 mingta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi uch yillik dasturni ishlab chiqish topshirildi.

nafta, prezident, qashqadaryo, uzbekistan gtl

To‘qqiz oy davomida Qashqadaryoda sanoat 8,4% ga, xizmatlar sohasi 16,6% ga, qishloq xo‘jaligi esa 4,9% ga o‘sdi. Shu bilan birga, viloyat aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi bo‘yicha mamlakatda yettinchi, xizmatlar sohasi bo‘yicha to‘qqizinchi, qishloq xo‘jaligi va qurilish hajmi bo‘yicha esa o‘n birinchi o‘rinni egallab turibdi.

“Prezident tuman hokimlari va banklar „bilimga — rag‘bat, mehnatga — imkoniyat, tashabbusga — madad“ beradigan muhit yaratsa, Qashqadaryo bir-ikki yilda eng ilg‘or hududlar qatoriga chiqishi mumkinligini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari sanoatni yangi bosqichga olib chiqish uchun gaz, elektr energiyasi va yer osti boyliklarini daromadli ish o‘rinlari hamda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirish bo‘yicha topshiriq berdi.


Avvalroq Spot Amerikaning Wosune kompaniyasi Qarshida $8,5 mln ga quritilgan mahsulotlar korxonasini tashkil etgani haqida yozgandi.