Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.
Unda Qashqadaryo sanoatida yirik korxonalar atrofida kooperatsiya zanjirlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.
Yil yakunigacha G‘uzor, Sho‘rtan, Muborak, Dehqonobod va Nishonda oltita sanoat klasteri tashkil etish, Sho‘rtan, Muborak, Yakkabog‘ va Kosonda Qashqadaryo erkin iqtisodiy zonasi filiallarini ochish vazifasi qo‘yildi. Infratuzilma uchun dastlab 250 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, Xitoyning FM World korxonasida yig‘ilayotgan zamonaviy traktor va qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, mazkur korxonada agrodronlar ishlab chiqarish loyihalarini boshlash belgilandi.
Prezident o‘tgan hafta energetika sohasidagi yirik investorlarning tashabbuslarini birma-bir eshitganini qayd etdi. Masdar kompaniyasi 2027-yil Qashqadaryoda qiymati $250 mln lik 300 megavattli quyosh elektr stansiyasi va 75 megavattli energiya saqlash quvvatini ishga tushiradi.
Qarshi tumanida xitoylik hamkor ishtirokida chiqindidan elektr energiyasi olish bo‘yicha 45 megavattli loyiha yakunlanmoqda. Elektr tarmoqlarini mustahkamlash uchun Nishon va Ko‘kdalada ikkita yirik podstansiya qurilishiga $70 mln jalb qilinadi. Ularni kelasi yil ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Tolimarjon — So‘g‘diyona yo‘nalishidagi 245 kilometr yangi elektr tarmog‘iga $150 mln ajratilgan. Mutasaddilarga ushbu loyihani kelasi yil yakunlash topshirildi.
Shavkat Mirziyoyev 21-oktabr kuni Qarshi shahridagi FM World korxonasi faoliyati bilan tanishgan edi. Qiymati $20 mln bo‘lgan va to‘liq xorijiy investitsiya hisobiga moliyalashtirilgan loyiha doirasida yiliga $50 mln lik eksportni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 45 ming fermer va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 60% i sug‘urta bilan qamrab olinishi haqida yozgan edi.