Avvalroq prezident agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Taqdimotda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda Agrosafe axborot tizimi orqali elektron ariza berishdan tortib, shartnoma va polisni rasmiylashtirish, monitoring, ekspertiza hamda tovon pulini to‘lashgacha bo‘lgan jarayonlar raqamlashtirilgan.

Sug‘urta qamrovini kengaytirib, bog‘ va uzumzorlardagi ko‘chat va daraxtlar, import qilingan chorva hamda tasodifiy hodisalar bilan bog‘liq xavflarni ham sug‘urtalash rejalashtirilgan.

Shuningdek, chorvachilik, polizchilik, kartoshka va piyoz yetishtirish uchun yangi sug‘urta mahsulotlari joriy etiladi.

2027-yilda 45 mingta qishloq xo‘jaligi korxonasini sug‘urta bilan qamrab olish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sug‘urta qamrovini 60% ga yetkazish, 500 nafar mustaqil ekspert tayyorlash hamda sug‘urta xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish maqsad qilingan.

Yangi yondashuvda zarar oqibatlarini qoplash bilan birga xavflarning oldini olishga ham ustuvor ahamiyat beriladi.

Sug‘urta mukofotining 3−5% ini maxsus jamg‘armada shakllantirib, chorvachilikda vaksinatsiya, profilaktika va veterinariya xizmatlariga, paxta va g‘allachilikda biologik himoya tadbirlariga, bog‘dorchilik va uzumchilikda esa tabiiy ofatlardan himoya vositalarini o‘rnatishga yo‘naltirish taklif qilindi.

Davlat rahbari subsidiya va sug‘urta tizimlari, eng avvalo, fermer uchun sodda va qulay bo‘lishi, davlat mablag‘lari aniq natijaga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi.

Jarayonlarda inson omilini qisqartirish, shaffoflikni taʼminlash, sug‘urta hodisalarini adolatli baholash va tovon pullarini tezkor to‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilarga bildirilgan takliflarni takomillashtirib, tegishli huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifasi qo‘yildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Rossiyadan har yili 7000 bosh zotdor sigir sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.