Shavkat Mirziyoyev agrar sohada subsidiyalarni ajratish va sug‘urtalash tizimlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

2026-yilda sohadagi subsidiyalar soni 29 ta yo‘nalish va 91 ta turga yetkazilib, bu maqsadlarga 2,7 trln so‘m mablag‘ ko‘zda tutilgan. Qator yo‘nalishlarda arizalar proaktiv shakllantirilib, to‘lov muddatlari sezilarli qisqartirildi.

Taqdimotda endi subsidiyalarni shunchaki xarajatni qoplashga emas, balki aniq natijaga bog‘lash zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi yildan “mablag‘ ajratish” modelidan “natijaviy subsidiya” modeliga bosqichma-bosqich o‘tish taklif qilindi.

Yangi tizimda hosildorlik, suv hamda energiya tejamkorligi, sarflangan resurslar evaziga olingan mahsulot hajmi asosiy mezon bo‘ladi. Barcha maʼlumotlar tegishli davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan inson omilisiz olinadi.

Har bir subsidiya oluvchining elektron pasporti shakllantirilib, natijalar onlayn kuzatib boriladi.

Dastlab ushbu mexanizm suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida sinovdan o‘tkaziladi. Subsidiya ajratilgandan keyin ikki-uch yil davomida suv sarfi, hosildorlik va suv unumdorligi baholanadi.

Belgilangan ko‘rsatkichlar bajarilmasa, subsidiya mablag‘ini qaytarish mexanizmi qo‘llaniladi. Bu davlat mablag‘larining manzilli va samarali sarflanishini taʼminlaydi.

Spot, avvalroq, fermerlarga dizel sotib olish uchun subsidiyalar dekabr oyigacha uzaytirilishi haqida yozgandi.