Fermerlarga dizel yoqilg‘isi xaridi uchun subsidiyalar to‘lash dekabrgacha davom etadi. Bu haqda 12-sentabrdagi suyultirilgan gaz bozorini isloh qilishga oid prezident qarorida ma’lum qilingan.

Qishloq xo‘jaligi korxonalari 2026-yil 1-iyuldan 1-dekabrgacha tovar-xomashyo birjalarida xarid qilgan yoqilg‘i qiymatining bir qismini davlat budjetidan subsidiya sifatida olishi mumkin.

To‘lovlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat sohasidagi to‘lovlar agentligi orqali amalga oshiriladi.

Kompensatsiya yoqilg‘ining bir tonnasi uchun 15 mln so‘mdan oshgan xarajatlarning bir qismini, biroq 2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplaydi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda g‘allachilik va paxtachilikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi korxonalariga 1-apreldan 1-iyulgacha bir tonnasi 13 mln so‘mdan yuqori narxda xarid qilingan dizel yoqilg‘isi uchun subsidiya to‘lash belgilangan.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov iyul oyi oxirida subsidiyalarni to‘lash tartibini tasdiqlagan. To‘lovlar ekin maydonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va birjada xarid qilingan yoqilg‘idan maqsadli foydalanish kabi bir qator shartlarga rioya qilinganda “Agroportal” orqali proaktiv tarzda amalga oshiriladi.

To‘lov miqdori “Agroportal” va O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi tizimidagi ma’lumotlar asosida avtomatik hisoblanadi. Mablag‘lar hisoblanganidan keyin uch ish kuni ichida oluvchining hisob raqamiga o‘tkaziladi va birinchi navbatda imtiyozli kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yanvar-iyul oylarida 683 ming tonna dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4% va 2024-yilga nisbatan 9,4% ko‘p.


Avvalroq Spot Rossiyadagi NQIZlar to‘xtashi O‘zbekistonda benzin importini qisqartirgani haqida yozgandi.