Prezidentning 8-may kuni qabul qilingan farmoni (PF-82-son) bilan paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil hosilidan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining kredit foiz xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Xususan, paxta xomashyosi yetishtirish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni shartnomada belgilangan muddatda qaytargan xo‘jaliklarga to‘langan foizning 2,5 foizlik punkti, hosil yilining yakuniga qadar — 31-dekabrgacha qaytargan xo‘jaliklarga esa foiz to‘lovlarining 5 foizlik punkti qoplab beriladi.

Shuningdek, bug‘doy yetishtirish xarajatlari uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni hosil yilining 1-avgustigacha to‘liq qaytargan xo‘jaliklarga kredit foizining 4 foizlik punkti kompensatsiya qilinadi.

Paxta xomashyosini xarid qilish uchun paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda paxta xomashyosini qayta ishlash va ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga ajratilgan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarining 8 foiz punktidan yuqori, biroq 16 foiz punktidan oshmagan qismi ham qoplab beriladi.

Bundan tashqari, dizel yoqilg‘isini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplash uchun 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja orqali xarid qilingan har bir tonna dizel qiymatining 13 mln so‘mdan oshgan qismiga, biroq 2 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi.

1-sentabrdan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining xo‘jaliklarga quyidagi subsidiyalarni ajratish vakolati Agrar sohada to‘lovlar agentligiga o‘tkaziladi:

  • qishloq xo‘jaliklariga o‘z mablag‘lari hamda bank kreditlari hisobidan yetishtirilgan paxta xomashyosini birjada sotganda rasmiylashtirilgan EHF qiymatining bir qismini qoplab berish;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda ip-kalava ishlab chiqarish zanjiriga ega to‘qimachilik korxonalariga o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan paxta xomashyosi qiymatining bir qismini qoplab berish.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini xorijliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish taqiqlangani haqida yozgan edi.