Avvalroq prezident qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining yerdan foydalanishdagi mustaqilligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat agrar sohadagi yirik investitsiya loyihalari uchun yer ajratishni qayta tashkil etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni nazarda tutadi. Beshta viloyat hokimliklari ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yerlariga xizmat ko‘rsatuvchi direksiyalar tashkil etadi.

Qiymati $10 mlndan yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berishning yangi tartibi joriy etiladi. Qoraqalpog‘iston uchun prezident tomonidan alohida minimal chegara belgilanishi mumkin.

Yerlar mahalliy investorlarga 49 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi. Direksiyalar keyinchalik xorijiy investorlarga (fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, yuridik shaxslar) va xorijiy ishtirokdagi korxonalarga ikkilamchi ijaraga berish uchun 25 yil muddatga yer oladilar.

Chet elliklar har yili eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadigan loyihalar uchun lalmi va yaylov yer uchastkalarini uzaytirish imkoniyati bilan ikkilamchi ijaraga oladi. Buning evaziga ular uchastkani qayta o‘zlashtirish va muomalaga kiritishni ta‘minlashlari kerak bo‘ladi.

Xorijiy investorlar uchun yerni ikkilamchi ijaraga berishning eng kam to‘lovi yer solig‘ining ikki baravar stavkasiga teng bo‘ladi. Uning aniq summasi, undirish jadvali va tartibi viloyatlar Kengashlari va Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan belgilanadi.

Ikkilamchi ijara to‘lovlarining bir qismi yer solig‘ini to‘lashga, qolgan qismi direksiyani saqlash va boshqa xarajatlarga yo‘naltiriladi. Direksiya o‘ziga berilgan uchastkalar uchun, ular investorlarga ikkilamchi ijaraga berilgan yoki berilmaganligidan qat‘i nazar, yer solig‘ini to‘lashi kerak.

Shuningdek, xorijiy investorlar mahalliy budjetga ijara huquqining baholangan qiymati miqdorida badal to‘lashlari kerak bo‘ladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi va irrigatsiyani yaxshilash, yerlarni qayta o‘zlashtirish va foydalanishga kiritish, shuningdek, yiliga kamida ikki marta yer maydonlarini kosmik monitoring qilish ishlari moliyalashtiriladi.

1-maydan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investorlarga, shu jumladan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarga ijaraga berish taqiqlanadi.

Norezidentlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari savdolarida ishtirok eta olmaydi yoki ularni qayta ijaraga olish tartib-taomili bo‘yicha ololmaydi. Ularga tasarrufida qishloq xo‘jaligi yerlari uchastkalari bo‘lgan yuridik shaxslarning ustav fondidagi ulushlarni berish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga molik alohida qimmatli unumdor sug‘oriladigan yerlar toifasini o‘zgartirish to‘g‘risida takliflar kiritish taqiqlanadi. Yer quyidagi hollarda olib qo‘yiladi:

  • ijtimoiy muassasalar ehtiyojlari, mudofaa, davlat chegarasini jihozlash uchun;
  • aeroportlar, avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar, magistral quvurlar, irrigatsiya va energetika tarmoqlari, shuningdek ularga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlar qurilishi uchun.

Spot, avvalroq, prezident Quvada agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan agromajmuani borib ko‘rgani haqida yozgandi.