Prezidentning 14-avgustdagi qarori bilan aholiga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish tartibi takomillashtiriladi. Unga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi bank va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ularning ushbu faoliyatni amalga oshirish huquqi Markaziy bank shakllantiradigan Muddatli to‘lov xizmati operatori faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritilgandan keyin yuzaga keladi.

Banklar va mikromoliya tashkilotlari reyestrga Markaziy bankni xabardor qilish orqali, boshqa yuridik shaxslar esa regulyatorda hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali kiritiladi.

Qaror bilan muddatli to‘lov xizmatlariga bir qator cheklovlar ham belgilanadi. Xususan, ko‘chmas mulk, shuningdek, muomaladan chiqarilgan yoki muomalasi cheklangan boshqa mulk muddatli to‘lov xizmati obyekti bo‘la olmaydi.

Operatorlarga moliyaviy iste’mol kreditlarini ajratish hamda jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi.

Shuningdek, muddatli to‘lov shartnomalari bo‘yicha talab qilish huquqidan faqat boshqa muddatli to‘lov xizmati operatori, mikromoliya tashkiloti va banklar foydasiga voz kechish huquqi beriladi.

Muddatli to‘lov xizmatlari bo‘yicha shartnoma qiymati BHMning 250 baravaridan (110 mln so‘m) oshmasligi kerak.

Operatorning komissiya (ustama) to‘lovlari va tovar, ish yoki xizmatning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar shartnomada alohida ko‘rsatilishi lozim.

Bundan tashqari, asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar — jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka (jarima va penyalar) hamda boshqa javobgarlik choralari yig‘indisi yiliga muddatli to‘lov miqdorining 50% dan oshmasligi kerak.

Iste’molchi muddatli to‘lovni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman qo‘shimcha jarima, penya va komissiyalarsiz muddatidan oldin to‘lash huquqiga ega bo‘ladi. Shartnoma bo‘yicha iste’molchining majburiyat muddati esa 12 oydan oshmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, 2027-yildan qiymati BHMning uch baravarigacha (1,32 mln so‘m) bo‘lgan tovar iste’mol kreditlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalar va ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish talab etilmaydi.

Joriy yil boshida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlarini tartibga solish uchun alohida qonun ishlab chiqilishini ma’lum qilgandi. Regulyator aholining ortiqcha qarz yukidan xavotirda bo‘lib, kelgusida muddatli to‘lov xizmatlarini qarz oluvchining umumiy qarz yukini hisobga olishga majbur qilishni rejalashtirgan edi.

Spot, avvalroq, Markaziy bank kredit reklamalari va shartnomalarida ogohlantirishlarni majburiy qilishni taklif etayotgani haqida yozgandi.