Markaziy bank ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Loyiha bilan bank xizmatlari iste‘molchilari bilan o‘zaro munosabatlarda tijorat banklariga qo‘yiladigan minimal talablarga qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, banklar kredit reklamasida kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirishi kerak bo‘ladi. Ogohlantirish reklamaning asosiy maydoni yoki vaqtining kamida 10%ini tashkil etishi lozim.
Shuningdek, kredit shartnomasining boshida qarz oluvchi uchun alohida ogohlantirish joylashtirish taklif qilinmoqda. U shartnoma dastlabki qismining asosiy yuzasining kamida 30%ini egallashi kerak.
Kreditni o‘z vaqtida to‘lamaslik umumiy qarzdorlikning oshishi va qarzni majburiy undirish choralariga olib kelishi mumkin. Bunda qarzdorning mol-mulkiga undiruv qaratilishi, hisobvaraqlaridagi mablag‘lar xatlanishi ham mumkin.
Shu bilan birga, bu kredit tarixiga salbiy ta‘sir ko‘rsatib, kelajakda kredit olish imkoniyatini cheklashi mumkin.
Ogohlantirish to‘liq mazmuni saqlangan holda grafik, infografika yoki boshqa vizual shakllarda ham berilishi mumkin. Bunda uning joylashuvi va o‘lchami belgilangan 30%lik talabdan kam bo‘lmasligi lozim.
Bundan tashqari, bank tomonidan taklif etilayotgan kredit mahsulotining iste‘molchini chalg‘ituvchi deb topilishi bankka nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llash uchun asoslardan biri sifatida belgilanishi taklif etilmoqda.
Qaror loyihasi muhokamasi 21-avgustgacha davom etadi. Qabul qilinsa, rasmiy e‘lon qilingan kundan bir oy o‘tib kuchga kiradi.
Kreditlar reklamasida ogohlantirish
2025-yil sentyabr oyida Markaziy bankning Bank xizmatlari iste‘molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati rahbari Bahodir Mirzayev kreditlar reklamasida majburiy ogohlantirishlar joriy etilishi rejalashtirilayotganini ma‘lum qilgandi.
Regulyator “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga iste‘molchilarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xizmatlarga oid o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilgan.
Tashabbus reklamada kelgusi xarajatlar va moliyaviy qiyinchiliklar bilan bog‘liq xavflarni eslatib o‘tishni nazarda tutadi. Masalan, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik kredit tarixiga putur yetkazishi, yangi kreditlar olishni qiyinlashtirishi yoki foiz stavkasini oshirish orqali ularning shartlarini yomonlashtirishi mumkin.
“Hozir biz loyihani ishlab chiqish bosqichidamiz va reklamada qanday xavflarni oshkor qilish kerakligini puxta o‘rganib chiqamiz. Joriy yil oxirigacha o‘zgartirishlarni qonun loyihasi sifatida taklif etamiz”, — deb bayonot berdi u.
Raqobat qo‘mitasi oktyabr oyida Markaziy bank bilan hamkorlikda kredit reklamalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytiruvchi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishini e‘lon qilgan edi. Material maydonining yoki xabar davomiyligining kamida 10% ini xavflar to‘g‘risidagi ogohlantirishlar egallashi kerak.
Qonunchilik palatasi joriy yilning mart oyida moliyaviy xizmatlar reklamasini tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi va ikkinchi o‘qishda qabul qilgandi.
Joriy yilning iyulida qabul qilingan prezident qarorida Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank hamda boshqa davlat organlari bilan birgalikda 1-sentabrga qadar tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, endi banklardan $500 gacha naqd xorijiy valyutani hujjatsiz sotib olish mumkinligi haqida yozgandi.