Davr Bank xususiy aksiyadorlik tijorat bankining yuridik nomi ABB Davr Bank aksiyadorlik jamiyati deb o‘zgartirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.

Nom o‘zgargani munosabati bilan Markaziy bank boshqaruvi qaroriga ko‘ra bankning bank faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi qayta rasmiylashtirildi.

Shu yilning 10-sentabr kuni Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51% lik nazorat paketini sotib oldi. Toshkent Respublika fond birjasida qayd etilgan bitimning umumiy qiymati 1,646 trln so‘mni (taxminan $140 mln) tashkil etgan. ABB nazorat paketini taxminan $100 mln ga sotib olishni rejalashtirayotgani haqida may oyidayoq ma’lum bo‘lgandi.

Undan keyin ABB boshqaruv raisi Abbos Ibragimov barcha rasmiy jarayonlar yakunlangach, bank yangi brend — ABB Davr ostida ish boshlashini bildirdi.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Davr Bank ustav fondi 400 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ta’sischilar: Mirkodir Mirzayatov — 9,79%, Durdona Raxmatullayeva — 9,91%, Taxir Ubayev — 5,04%, Javlon Xayrullayev — 7,73% hamda “boshqalar — 67,53%.

Spot mutaxassislar bilan suhbatlashib, Ozarbayjon Xalqaro bankining Davr Bank’dagi nazorat paketini sotib olish sabablari, bitimning baholanishi va xorijiy investorning O‘zbekiston bank bozoriga ta’sirini muhokama qilgandi.

Avvalroq Markaziy bank Fransiyaning Societe Generale banki va Janubiy Koreyaning Hana Bankini akkreditatsiya qilgani haqida xabar berilgandi.