Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) Davr Bank aksiyalarining 51% ulushini 1,646 trln so‘mga — qariyb $140 mlnga sotib oldi. Bitim 10-sentabr kuni Toshkent fond birjasida amalga oshirildi. ABB nazorat paketini taxminan $100 mlnga sotib olishni rejalashtirayotgani haqida hali may oyidayoq xabar qilingandi.
ABB Boshqaruv raisi Abbos Ibragimovning ma’lum qilishicha, barcha rasmiy jarayonlar yakunlangach, bank yangi brend — ABB Davr ostida ish boshlaydi.
Ozarbayjon Xalqaro banki uchun bu bitim Ozarbayjondan tashqaridagi ilk yirik investitsiya bo‘ldi. Davr Bankda esa nazorat qiluvchi aksiyador almashdi va keyingi rivojlanish uchun qo‘shimcha resurslarga ega strategik investor paydo bo‘ldi.
Shu bilan birga, bitimning yakuniy qiymati dastlabki bahodan yuqori bo‘ldi. Bu holatda bank narxi qanday shakllangani va ABB nazorat paketi bilan birga aynan nimalarni qo‘lga kiritgani haqida savollar paydo bo‘ladi. Bitim qiymatiga bankning moliyaviy ko‘rsatkichlaridan tashqari, bozordagi o‘rni, mijozlar bazasi, litsenziyasi va kelgusidagi o‘sish imkoniyatlari ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Spot mutaxassislar bilan suhbatlashib, ABB’ning Davr Bank’dagi nazorat paketini sotib olish sabablari, bitimning baholanishi va xorijiy investorning O‘zbekiston bank bozoriga kirib kelishi nimalarni o‘zgartirishi mumkinligini tahlil qildi.
Baholash qanchalik asosli?
Bitimning yakuniy qiymati muzokaralar boshida aytilgan summadan qariyb $40 mln yuqori bo‘ldi. May oyida ABB Davr Bankning 51% aksiyasini taxminan $100 mln evaziga sotib olishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan edi. Sentabrda esa nazorat paketi 1,646 trln so‘mga — qariyb $140 mln evaziga sotildi.
Spot suhbatlashgan mutaxassislarning fikricha, mazkur ikki summani to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslash to‘g‘ri emas. Chunki bir necha oy ichida bankning moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘zgargan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bitim aynan nazorat paketini sotib olishni nazarda tutgan. Shu sababli 51% aksiyaning narxini butun bank qiymatining oddiy 51% i sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Bankers.uz bosh muharriri Ismoil Turopov bitimni ikkita asosiy ko‘rsatkich — P/B, ya’ni bank qiymatining o‘z kapitaliga nisbati va P/E, ya’ni qiymatning foydaga nisbati orqali baholashni taklif qiladi. Yakuniy bitim qiymatidan kelib chiqib, Davr Bank’ning umumiy qiymati taxminan 3,23 trln so‘m yoki $273,6 mln ni tashkil etadi. Bu 2026-yilning birinchi yarmida 2,4 trln so‘m bo‘lgan bankning xususiy kapitalidan qariyb 1,35 baravar ko‘p. 2025-yilda Davr Bank’ning foydasi 631,5 mlrd so‘mga yetgan. Shundan kelib chiqib, bankning joriy bahosi uning yillik foydasidan taxminan 5,1 baravar yuqori. Kapital rentabelligi esa 28−30% darajasida bo‘lgan.
Turopovning fikricha, kapital rentabelligining yuqoriligi va foydaning o‘sishi bunday bahoni asoslashga imkon beradi.
Bunda hisob qiymati o‘z-o‘zidan nazorat paketining qiymatini aks ettirmaydi. Aksiyalarning 51% ini sotib olish orqali xaridor asosiy qarorlarni qabul qilishda ishtirok etish, bank strategiyasini belgilash va boshqaruv organlari tarkibiga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Germaniyaning RÖDL kompaniyasi yuridik departamenti rahbari Shaxram Sadullayevning ta’kidlashicha, yakuniy narx Davr Bank’ning moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan bir qatorda, bitimdan oldin o‘tkazilgan biznes tekshiruvi natijalarini ham hisobga olgan bo‘lishi mumkin.
“51% aksiyaning qiymatini faqat butun bank qiymatiga mutanosib ravishda baholab bo‘lmaydi. Nazorat paketi bank strategiyasini belgilash va boshqaruv organlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi. Shu sababli uning qiymatida odatda nazorat uchun ustama ham hisobga olinadi. Bundan tashqari, yakuniy narx moliyaviy va yuridik tekshiruv natijalari, aktivlar va majburiyatlarning sifati, bitimning tijoriy shartlari, shuningdek, xaridorning bankni keyinchalik kapitallashtirish va rivojlantirish rejalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, — deydi Sadullayev.
Turopov nazorat uchun ustama miqdorini taxminan $35−40 mln deb baholaydi. Agar bu ustama chiqarib tashlansa, 51% aksiyaning qiymati taxminan $105−110 mlnni tashkil qilishi mumkin edi. Bunday holatda amaldagi $140 mln va ushbu summa o‘rtasidagi farqni nafaqat kapital va foydadagi ulush, balki bankni boshqarish imkoniyati, uning mijozlar bazasi, litsenziyasi, brendi va yaratilgan infratuzilmasi uchun to‘lov sifatida ko‘rish mumkin.
Mutaxassis bahosiga ko‘ra, rivojlanayotgan bozorlardagi bitimlarda nazorat uchun ustama 20−40% ni tashkil qilishi mumkin. Davr Bank holatida ham uning miqdori taxminan shu diapazonga to‘g‘ri keladi.
Turopov baholashda yana bir omil sifatida Toshkent fond birjasida aksiyalarning likvidligi pastligini ko‘rsatadi. Uning hisob-kitobiga ko‘ra, nazorat uchun ustama chiqarib tashlanib, past likvidlik uchun 15−25% chegirma qo‘llanganda, Davr Bankning 51% aksiyasi qiymati taxminan $85−100 mln bo‘lishi mumkin edi.
ABB’ga nazorat paketi nima uchun kerak?
ABB uchun Davr Bank’ni sotib olish oddiy moliyaviy aktivga investitsiya kiritishdan ko‘ra kengroq ma’noga ega. GK&P boshqaruvchi hamkori Yodgor Gafurov ushbu bitimni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning yanada yaqinlashuvi bilan bog‘laydi.
So‘nggi bir necha yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar sheriklikdan yanada yaqin hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. 2023-yilda Oliy davlatlararo kengash tuzildi, 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. 2025-yilda tomonlar 2029-yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasini tasdiqladi. 2026-yil avgustida esa ikki davlat prezidentlari Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi.
Shu fonda iqtisodiy loyihalar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish vositalaridan biriga aylandi. Gafurov Davr Bank bo‘yicha bitimni siyosiy kelishuvlardan amaliy investitsiya hamkorligiga o‘tish misoli sifatida baholadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ABB uchun, avvalo, yirik va tez rivojlanayotgan bozor sifatida qiziq. Mavjud bankni sotib olish orqali ABB biznesni noldan boshlamasdan, tayyor infratuzilma, mijozlar bazasi va mamlakatdagi faoliyatiga ega bo‘ladi. Davr Bank’ning 2 mln dan ortiq mijozi, 43 ta xizmat ko‘rsatish nuqtasi va $1 mlrd dan ortiq aktivlari bor. Bank kichik va o‘rta biznesni kreditlashda ham faol. S&P ma’lumotlariga ko‘ra, Davr Bank’ning kapital rentabelligi 2025-yilda 35,6% ni tashkil etgan.
“ABB uchun bu ichki bozor chegaralaridan tashqariga chiqish va darhol faol bank biznesiga ega bo‘lish imkoniyatidir. Bu noldan boshlash kerak bo‘lgan loyiha emas. Davr Bank allaqachon mijozlar, infratuzilma va bozor bilan ishlash imkonini beradigan ko‘lamga ega. ABB uchun bu geografik ekspansiyaning dastlabki qadamidir”, — dedi Gafurov.
Mutaxassis O‘zbekistonda Ozarbayjon biznesining allaqachon shakllangan ishtirokini ham qo‘shimcha imkoniyat sifatida ko‘radi. Ozarbayjon kapitaliga ega kompaniyalar energetika, qimmatbaho metallar qazib olish, qurilish, turizm, sanoat, qishloq xo‘jaligi va investitsiya loyihalarida ishtirok etmoqda. Ular orasida SOCAR, AzerGold, NEQSOL, PASHA, Azerbaijan-Uzbek Investment Company va boshqalar bor.
Bu ABB uchun potensial korporativ mijozlar bazasini anglatadi. Bank O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Ozarbayjon kompaniyalariga xizmat ko‘rsatishi, savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Yana bir yo‘nalish — Kaspiybo‘yi hududi va O‘rta koridor orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishlari doirasidagi hisob-kitoblar hamda savdoni moliyalashtirish.
Nazorat paketini sotib olish uchun ham regulyatorning alohida roziligi talab etiladi. Shaxram Sadullayev “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, bank aksiyalarining 50% i yoki undan ortig‘ini bevosita yoki bilvosita sotib olish Markaziy bankning oldindan ruxsatini talab qilishini ta’kidladi.
“Regulyator xaridorning mulkchilik tuzilmasi, moliyaviy ahvoli va ishchanlik obro‘sini, yakuniy benefitsiarlarini, shuningdek, bitimning bank barqarorligiga ehtimoliy ta’sirini baholaydi”, — deya tushuntiradi Sadullayev.
Gafurovning baholashicha, ABB holatida xaridorning o‘zi, ya’ni bankning profili ham muhim omil bo‘lgan. Shu bilan birga, Ozarbayjon kapitalining O‘zbekistonda uzoq muddatli ishtiroki davlatlararo kelishuvlar bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Shu sababli Gafurov xaridorni bir necha yildan so‘ng aktivdan chiqishni rejalashtiradigan moliyaviy investor emas, balki bozorga uzoq muddatli qiziqishga ega strategik hamkor sifatida ko‘radi.
Bitimga ta’sir qilgan yana bir omil Davr Bank’ning o‘z bahosidagi o‘zgarish bo‘ldi. Ismoil Turopov va Yodgor Gafurovning qayd etishicha, S&P Global Ratings bank reytingini “B” dan “B+” gacha ko‘targan va prognozni “barqaror” darajada saqlagan. Agentlik buni, jumladan, Davr Bank’ning ABB’ning strategik sho‘ba tuzilmasiga aylanishi va yangi egasi tomonidan ehtimoliy qo‘llab-quvvatlanishi bilan bog‘lagan.
Gafurov, shuningdek, bank bozorining tuzilishiga ham e’tibor qaratadi: 2026-yil o‘rtalarida to‘qqizta davlat banki bozor aktivlarining 60% dan ortig‘ini nazorat qilgan. Shu fonda xususiy bankda yirik xorijiy investorning paydo bo‘lishi nafaqat Davr Bank, balki xususiy banklar segmentining rivojlanishi uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Bank bozorida nimalar o‘zgaradi?
ABB’ning kirib kelishi O‘zbekiston bank bozorida yana bir yirik xorijiy o‘yinchining paydo bo‘lishini anglatadi. Bungacha bozorda TBC, OTP, Ziraat, KDB va boshqa xorijiy banklar hamda moliyaviy guruhlar faoliyat yuritib kelgan.
“Xorijiy mulkdorning paydo bo‘lishi kredit stavkalari keskin pasayadi degani emas. Kreditlash qiymati Markaziy bankning pul-kredit siyosati, inflyatsiya va fondlashtirish qiymatiga ham bog‘liq. Biroq strategik investorning arzonroq va uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlari bozorda raqobatni asta-sekin kuchaytirishi mumkin”, — deydi Turopov.
Davr Bank misolida kredit reytingining oshishi qo‘shimcha omil bo‘lishi mumkin. Bankers.uz bosh muharririning so‘zlariga ko‘ra, bu bankning xalqaro moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishi va kredit portfelining o‘sishi uchun sharoit yaratishi mumkin. S&P 2026-yilda Davr Bank kredit portfelining 20−25% ga, 2027−2028-yillarda esa 30−35%ga o‘sishini prognoz qilmoqda. Turopov keltirgan bahoga ko‘ra, sof foizli marja 10−10,3% oralig‘ida bo‘lishi mumkin.
Umuman olganda, bozordagi raqobat asta-sekin kredit narxidan bank xizmatlari sifatiga ko‘proq e’tibor qaratilishi mumkin. Xorijiy o‘yinchilar risklarni boshqarishda yangi texnologiya va yondashuvlarni olib kirayotgani sababli, mijozlar uchun qaror qabul qilish tezligi, raqamli kanallarning qulayligi va ixtisoslashgan mahsulotlardan foydalanish imkoniyati ham muhimlashmoqda.
Turopovning fikricha, raqobatning asosiy yo‘nalishlaridan biri mijozlar tajribasi, ayniqsa kichik va o‘rta biznes uchun raqamli xizmatlar va mahsulotlar bo‘ladi.
“Raqobat, avvalo, mijozlar tajribasi uchun kuchayadi: raqamli kanallar, kredit bo‘yicha qarorlarni qabul qilish tezligi va kichik hamda o‘rta biznes uchun mahsulotlar muhim bo‘ladi. Agar mijoz ilova orqali kreditni tezroq olsa yoki masalasini tez hal qilsa, bu raqobatdagi ustunlikka aylanishi mumkin”, — deydi u.
Kichik banklar uchun raqobatning kuchayishi aniqroq ixtisoslashuvga ehtiyojni oshirishi mumkin. Turopovning fikricha, texnologik jihatdan ortda qolayotgan va aniq yo‘nalishga ega bo‘lmagan banklar biznes modelini o‘zgartirish yoki boshqa o‘yinchilar bilan birlashish variantlarini ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Shu bilan birga, mijozlar uchun ijobiy ta’sir xizmatlar narxining pasayishida namoyon bo‘lishi shart emas: Shaxram Sadullayevning qayd etishicha, strategik xorijiy investorning kirib kelishi raqobat, korporativ boshqaruv, risklarni boshqarish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Biroq bank xizmatlari narxining pasayishi bunday bitimning avtomatik natijasi emas — bu raqobat darajasi, fondlashtirish qiymati va regulyator talablariga bog‘liq”, — dedi u.
Strategik investor yoki IPO
Avgust oyida Davr Bank aksiyalari Toshkent fond birjasida 5,5 yillik tanaffusdan so‘ng qayta savdoga chiqarildi. Qimmatli qog‘ozlar DRBK tikeri ostida muomalada bo‘ladi.
Mutaxassislarning fikricha, strategik sotuv va IPO turli maqsadlarga xizmat qiladi. Birinchi holatda bank boshqaruvda ishtirok etishi, kapital kiritishi va texnologiyalarni olib kirishi mumkin bo‘lgan aniq mulkdorga ega bo‘ladi. IPO esa kapital bozori orqali mablag‘ jalb qilish, aksiyadorlar doirasini kengaytirish va kompaniyaning bozor qiymatini shakllantirish imkonini beradi.
Sadullayev har bir modelning o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari borligini ta’kidladi.
Ismoil Turopov ushbu modellar o‘rtasidagi farqni mulkdor nuqtai nazaridan izohladi. Strategik investorga sotish nazorat mukofoti hisobiga yuqoriroq narxni ta’minlashi, shuningdek, bankning texnologiya, boshqaruv va moliyalashtirish imkoniyatlariga tezroq ega bo‘lishiga xizmat qilishi mumkin. Shu bilan birga, mulkning konsentratsiyalashuvi bankning bitta yirik aksiyador strategiyasiga bog‘liqligini oshiradi. Bizneslarning integratsiyasi esa qo‘shimcha risklarni yuzaga keltirishi mumkin.
IPO, aksincha, fond bozorini rivojlantirish, investorlar doirasini kengaytirish va kompaniya shaffofligini oshirishga xizmat qiladi. Biroq sayoz va likvidligi past bozorda aksiyalarni joylashtirish chegirma bilan sotishni talab qilishi mumkin. Bunday holatda davlat yoki amaldagi mulkdor strategik investorga sotuvdan ko‘ra kamroq mablag‘ olishi ehtimoli bor. Bundan tashqari, IPO’ning o‘zi bankka yangi menejment yoki texnologiyalarni olib kelmaydi.
Shu sababli bu ikki model bir-birini istisno qilishi shart emas. Dastlab strategik investor nazorat paketini qo‘lga kiritib, keyinchalik qolgan aksiyalarning bir qismini ochiq bozorda joylashtirish mumkin. Turopov Davr Bank uchun ham aynan shunday ssenariyni mumkin deb hisoblaydi.
“Davr Bank uchun gibrid model ham qiziqarli variant bo‘lishi mumkin: avval nazorat paketini strategik investorga sotish, keyin esa qolgan ulushni bozorda joylashtirish. Bu strategik mulkdor va ommaviy bozorning afzalliklarini birlashtirish imkonini beradi”, — deb hisoblaydi mutaxassis.
Bunday holatda aksiyalarning keyingi qiymati ABB kelganidan so‘ng bankning faoliyat natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Savdolarning qayta tiklanishi esa buning uchun zarur bozor maydonini yaratadi.
“5,5 yildan so‘ng savdolarning qayta tiklanishi o‘z-o‘zidan muhim holat. Bu Davr Bank’ni ommaviy bozorga qaytaradi. Keyinchalik, nazariy jihatdan, ABB kelganidan keyingi bank faoliyati natijalarini hisobga olgan holda yana bir ulushni, masalan, 23% ni sotish mumkin”, — deydi Turopov.


