Shavkat Mirziyoyev Xo‘jaobod tumanidagi texnoparkda bo‘lib, “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Andijon texnoparki $300 mlnlik xorijiy investitsiyalar hisobiga tashkil etilgan bo‘lib, adirliklarni o‘zlashtirish evaziga ajratilgan 100 gektar maydonda 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan.

Sanoat zonasi to‘liq ishga tushgach, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Yiliga 50 dan ortiq turdagi $200 mlnlik mahsulot ishlab chiqarilib, budjetga 160 mlrd so‘m tushum taʼminlanadi. Viloyatning eksport salohiyati esa $50 mlnga oshadi.

Sanoat zonasida Xitoyning Sanchuan kompaniyasi tomonidan “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi. Qiymati $25 mln bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilmoqda. Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80%i robotlashtirilgan.

Huawei kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan 5G texnologiyasi asosidagi “aqlli” hisoblagichlar suv sarfi va sifati, qurilmalarning texnik holati hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.

Korxonada yiliga 15 turdagi 1 mln dona “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqariladi. Ular suv to‘planishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya va sovuqqa chidamli korpus bilan ishlab chiqariladi.

Shuningdek, bu yerda dual taʼlim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. Mahalliylashtirish darajasini 2030-yilga qadar 70% ga yetkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda sanoat zonasida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar joylashtiriladi.

Spot, avvalroq, Andijonda sanoat korxonalari uchun mutaxassislar tayyorlaydigan texnikum ochilgani haqida yozgandi.