Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanidagi Ipak yo‘li sanoat zonasi hududida joylashgan texnikum faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon-Huanya xalqaro texnikumi ana shu maqsadda tashkil etilgan. Texnikum Ipak yo‘li hududidagi to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika va boshqa yuqori texnologiyali korxonalar uchun talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.
Loyihaning umumiy qiymati $15 mln ni tashkil etib, to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi. Natijada 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
To‘rt gektar maydonda 5 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy o‘quv binosi qurib bitkazildi. Keyingi bosqichda yotoqxona, laboratoriya binosi, sport maydonchasi, oshxona va yashil hudud barpo qilinadi.




Muassasada dual taʼlim tizimi joriy etilgan. O‘quvchilar nazariy bilimlarni texnikumda egallab, amaliyotni sanoat zonasidagi yirik korxonalarda o‘taydi. Shu tariqa ular o‘qish davridayoq ishlab chiqarish jarayoni, zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan yaqindan tanishadi.
Texnikum joriy yil iyun oyida ishga tushirildi. Hozirda bu yerda 210 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. 2030-yilga qadar yillik qabulni 1,8 ming nafarga, o‘quvchilarning umumiy sonini esa 4 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, taʼlim yo‘nalishlarining soni 20 tagacha ko‘paytiriladi.
Prezident texnikumda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, yoshlar va investor bilan suhbatlashdi.
Spot avvalroq Andijonda kichik GESlar uchun uskunalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.



