Shavkat Mirziyoyev Andijon tumanida kichik gidroelektr stansiyalari uchun zarur uskunalar ishlab chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyiha bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarining 2025-yil 28-martdagi hududlarda mikrogidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirishga doir qarori bu borada muhim asos bo‘ldi. Uning ijrosi doirasida Andijon Jinlun yangi energiya korxonasi tashkil etilmoqda.
Andijon viloyatidagi mavjud suv manbalari “yashil” energetikani rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. Xususan, Katta Farg‘ona kanalining barqaror suv oqimi mikro va kichik GESlar qurish uchun qulay hisoblanadi.
To‘liq xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati $20 mlnni tashkil etadi. Korxona 2027-yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushiriladi. Shundan so‘ng bu yerda yiliga 70 mlrd so‘mlik 100 ta kichik GES majmuasi, shuningdek, mikrogidroenergetika uskunalari, dastgoh va elektr jihozlari ishlab chiqariladi.




Bugungi kunda dunyoda ekologik toza va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga talab ortib bormoqda. Bu jihatdan kichik va mikro GESlar samarali yechimlardan biri hisoblanadi. Ularning atrof-muhitga taʼsiri kam, qisqa muddatda barpo etilib, barqaror elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlarni Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilish, yillik eksport hajmini $3 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, korxona Andijon viloyatida qator mikro GESlar qurishni mo‘ljallagan.
Spot, avvalroq, Andijonda $9,4 mlrdlik investitsiya loyihalariga start berilgani haqida yozgandi.



