O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar xavfsizligi uchun haq to‘lash taklif etilmoqda. Ichki ishlar vazirligi tegishli qaror loyihasini normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirdi.

Unda 100 va undan ortiq kishi qatnashadigan tadbirlar uchun elektron ruxsatnoma olish, xavfsizlik xizmatlari uchun to‘lov qilish va chiptalarni elektron shaklda sotish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

Loyiha ommaviy tadbirlar vaqtida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, jamoat tartibini ta’minlash hamda ehtimoliy xavflarning oldini olishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, ommaviy tadbir deb 100 va undan ortiq kishi ishtirokida o‘tkaziladigan ijtimoiy-siyosiy, madaniy, ko‘ngilochar, sport, bayram, diniy, tijorat-reklama va ma’rifiy-ta'lim tadbirlari hisoblanadi. Yangi qoidalar yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlarga, shuningdek, to‘ylar, oilaviy va yubiley tadbirlari hamda oilaviy aza marosimlariga tatbiq etilmaydi.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar maxsus elektron axborot tizimi orqali berilishi taklif qilinmoqda. Odatda, ruxsatnoma muayyan tadbirni bir marta o‘tkazish uchun taqdim etiladi. Bir tashkilotchi tomonidan bir joyda, bir xil dastur asosida o‘tkaziladigan konsert, teatr spektakli yoki sirk tomoshalari uchun esa bir yilgacha muddatga yagona ruxsatnoma olish mumkin.

Ruxsatnoma olinmaguncha tashkilotchilar tadbir haqida OAV va internetda e’lon berishi, reklama materiallarini tarqatishi hamda chiptalar sotishi mumkin bo‘lmaydi.

Davlat organlari hujjatlari asosida reyestrga kiritilgan obyektlardagi ayrim tadbirlar, ko‘chma sirk tomoshalari va saylovoldi tashviqoti bilan bog‘liq tadbirlar uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.

Biroq tashkilotchilar bunday tadbirlar haqida vakolatli organni kamida 10 ish kuni oldin xabardor qilishi lozim.

Loyihada ommaviy tadbirlar vaqtida jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va sog‘liqni saqlash organlari xizmatlarini pulli asosda ko‘rsatish nazarda tutilgan.

Birinchi toifadagi tadbirlar tashkilotchilari Milliy gvardiya bilan, ikkinchi toifadagi tadbirlar tashkilotchilari esa ichki ishlar organlari bilan shartnoma tuzishi kerak bo‘ladi.

Shartnoma tadbir boshlanishidan kamida 10 ish kuni oldin rasmiylashtirilishi lozim. Unda favqulodda vaziyatlar va tibbiy xizmatlar uchun to‘lovlar ham hisobga olinadi.

Xizmatlar qiymati jalb qilinadigan xodimlar soni va tadbir davomiyligiga qarab belgilanadi. Loyihaga ko‘ra, bir kishi-soat qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 7% ini (30 800 so‘m) tashkil etadi. Shartnomaning umumiy qiymati esa bir kishi-soat qiymatining kamida 50% ini jalb qilinadigan xodimlar soni va tadbir soatlariga ko‘paytirish orqali hisoblanadi.

Alohida toifadagi tadbirlar, ko‘chma sirk tomoshalari va saylovoldi tashviqoti tadbirlari uchun xavfsizlik xizmatlari bepul ko‘rsatilishi belgilangan.

Madaniy tadbirlar, ko‘ngilochar dasturlar va sport musobaqalariga kirish chiptalarini elektron shaklda sotish taklif etilmoqda. Bu orqali chiptalarni belgilangan narxdan qimmatroqqa qayta sotish, qalbakilashtirish va ulardan takroran foydalanishning oldini olish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, tadbirlar vaqtida fuqarolar oqimini kuzatish va boshqarish, ishtirokchilar sonini hisobga olish hamda odamlar haddan tashqari to‘planib qolishini aniqlash uchun dronlardan foydalanish nazarda tutilgan. Ular ehtimoliy xavflar haqida o‘z vaqtida ogohlantirishga ham xizmat qilishi mumkin.

Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibiga rioya etilishini nazorat qilish uchun vakolatli organlar huzurida maxsus komissiyalar tashkil etiladi. Ular tadbir o‘tkaziladigan obyektlardagi xavfsizlik sharoitlarini tekshirishi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berishi mumkin.

Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligiga uch oy muddatda “e-jamoat xavfsizligi” tizimi tarkibida “e-ommaviy tadbir” modulini ishlab chiqish va ishga tushirish taklif qilinmoqda.

Qaror loyihasi 20-noyabrgacha jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq hisoblanadi.


Avvalroq Spot Ichki ishlar vazirligi aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilishini nazorat qilishi haqida yozgandi.