O‘zbekistonda aholi uchun ajratilgan suyultirilgan gaz va ko‘mirning yetkazib berilishi hamda taqsimoti ustidan nazorat kuchaytiriladi. Bu masala Ichki ishlar vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi.

Yig‘ilishda ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatov, vazir o‘rinbosarlari, hududiy xizmatlar rahbarlari, Hududgazta’minot va LPG-Trade kompaniyasi mas’ullari ishtirok etdi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir oy davomida ko‘mir mahsulotini noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlangan. Natijada 333,5 tonna ko‘mir noqonuniy muomaladan musodara qilinib, aholiga yetkazilgan.

Shuningdek, suyultirilgan gazni noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 374 ta holat fosh etilgan. Ulardan 9139 ta gaz balloni hamda 92,9 tonna suyultirilgan gaz musodara qilinib, aholi iste’moliga qaytarish choralari ko‘rilgan.

Xususan, joriy yilning oktabr oyida Samarqandda “Pastdarg‘omtumangaz” gaz ta’minoti korxonasi xodimlari o‘zaro jinoiy til biriktirib, aholi uchun ajratilgan gazni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qiymati 32 mln so‘mlik 3 tonna 100 kilogramm gaz musodara qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan korxona xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yig‘ilish yakunida ichki ishlar organlari va hamkor tashkilotlarga energetika resurslarini tashish, saqlash va taqsimlash ustidan nazoratni kuchaytirish, yuklarning manzilga to‘liq yetib borishini ta’minlash hamda gaz omborlari va to‘ldirish shoxobchalarini qo‘riqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Hududgazta’minot bilan hamkorlikda suyultirilgan gaz ballonlarini aholiga o‘z vaqtida yetkazish, mahsulot hajmi va taqsimoti hisobini yuritish hamda ta’minotdagi uzilishlar sabablarini aniqlash vazifalari qo‘yildi.

Transport vazirligi bilan esa energetika mahsulotlarini tashish logistikasi va belgilangan yo‘nalishlarga rioya etilishi nazorat qilinadi.

Ko‘mir ta’minotiga mas’ul tashkilotlar bilan mahsulotlarni qabul qilish, saqlash va aholiga yetkazish jarayonlarida hisobdorlikni kuchaytirish ham belgilandi.


Avvalroq Spot “zapravka"larda maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik uchun jarima joriy etilgani haqida yozgandi.