Joriy yil oxirigacha Yandex Uzbekistan avtonom robotlar yordamida Yandex Lavka xizmatidan yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Ayni paytda robotlar zarur sinovlardan o‘tkazilib, ularni shaharda harakatlanishga tayyorlamoqda. Robotlar uzunligi ikki kilometrgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda ishlashi ko‘zda tutilgan.
Yo‘nalishlarni tanlashda buyurtmani xizmat belgilagan muddatda yetkazib berish imkoniyati ham hisobga olinadi. Foydalanuvchilar buyurtma rasmiylashtirayotganda uning manzilga yetib kelish vaqtini ilova orqali ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
Robotlar piyodalar tezligida harakatlanadi va shahar muhitida mustaqil yo‘nalish topa oladi. Buning uchun ular lidar va ultratovushli datchiklardan foydalanadi.
Hisoblash tizimi atrof-muhit haqidagi ma’lumotlarni qayta ishlaydi, svetofor signallarini taniydi va obyektlar harakatini oldindan baholaydi. Bu robotlarga harakat yo‘nalishini tanlash, to‘siqlarni aylanib o‘tish va yo‘lni piyodalar o‘tish joylaridan kesib o‘tish imkonini beradi.
Har bir robot oltita yetakchi g‘ildirak bilan jihozlangan. Ular balandligi 10 santimetrgacha bo‘lgan bordyurlar va notekis yo‘l qismlaridan o‘tishga yordam beradi. Yandex Uzbekistan ma’lumotiga ko‘ra, robotlar yomg‘irli ob-havoda ham harakatlana oladi.
Yo‘ldagi aksariyat vaziyatlarni robotlar mustaqil ravishda hal qiladi. Nostandart holatlarda esa muammoni hal etishga masofadan turib boshqaruvchi operator jalb qilinadi.
Kompaniya foydalanuvchilarga robotlarni qo‘lda ko‘tarish yoki joyidan siljitishni tavsiya etmaydi. Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish uchun robot korpusiga QR-kod joylashtirilgan.
Pilot loyiha bosqichidan keyin Yandex Uzbekistan robotlar orqali yetkazib berish xizmatini bosqichma-bosqich kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Yandex robotlari ilk bor joriy yilning iyul oyida Toshkent ko‘chalarida kuzatilgandi. Kompaniya 2024-yilning kuzida ishga tushirilgan Yandex Lavka xizmati orqali buyurtmalarni yetkazib berish qurilmasi sinovdan o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotni tasdiqlagandi.
Avvalroq Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov Yandex Go xizmatlarida yuz bergan jiddiy nosozlik yuzasidan izoh bergandi.