Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, 2027-yildan davlat tibbiyot muassasalarida tibbiy va yordamchi xizmatlarni xususiy sektordan autsorsing asosida xarid qilishning yangi tartibi joriy etiladi.
Autsorsing shartnomalari xizmat turi va autsorser kiritadigan investitsiya hajmiga qarab 5 yilgacha muddatga tuziladi. Alohida hollarda, investitsiyaning qoplanish muddatidan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi xulosasi asosida shartnoma 10 yilgacha muddatga tuzilishi mumkin.
Yangi tartib joriy etilgunga qadar muddati tugaydigan autsorsing loyihalarini 2027-yil oxirigacha davom ettirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2027-yil 1-yanvardan sog‘liqni saqlash tizimining uzoq va qisqa muddatli master-rejasi asosida davlat va xususiy sektor hamkorligining yangi mexanizmlari joriy etiladi:
- xususiy sektor hududdagi tibbiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj va davlat hamda nodavlat tibbiyot muassasalarining mavjud quvvatlarini hisobga olgan holda jalb qilinadi;
- davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan muassasalar davlat tasarrufida qoladi;
- samaradorligini oshirish va zamonaviy klinik texnologiyalarni joriy etish zarur bo‘lgan muassasalarga professional boshqaruvchilar jalb etiladi.
Avvalroq xususiy klinikalarga budjetdan xizmat ko‘rsatishga, akkreditatsiyadan o‘tganlariga esa transplantatsiyaga ruxsat berish taklif qilingani haqida xabar berilgandi.