Toshkentda yer ishlariga ruxsatnoma olish uchun order.tashkent.uz elektron tizimi ishga tushirildi. Bu haqda poytaxtdagi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Endilikda jismoniy va yuridik shaxslar yer qazish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘tkazish hamda yo‘l yoki hududlarni vaqtincha yopish uchun arizani onlayn yuborishi mumkin.
Markazning ma’lum qilishicha, tizim yer ishlarini oldindan rejalashtirish, aloqador tashkilotlar bilan kelishish va ularni xavfsiz tashkil etishga xizmat qiladi.
Rejasiz va tartibsiz olib borilgan yer ishlari tirbandliklarga, piyodalar uchun noqulayliklarga, yer osti kommunikatsiyalarining shikastlanishiga va kommunal xizmatlarda uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Umumfoydalanishdagi hududlarda ruxsatnomasiz qazish, ta’mirlash yoki o‘zgartirish ishlarini olib borish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Avvalroq Spot Toshkentning Ko‘kcha darvoza ko‘chasida “Yashil to‘lqin” tizimi ishga tushirilgani haqida yozgan edi.