Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hukumatga energetik ichimliklar ishlab chiqarish va importini to‘liq taqiqlash imkoniyatini bir oy ichida o‘rganishni topshirdi.
Shuningdek, olti oy muddatda bu borada tegishli tartibga solish choralarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Japarovning ta’kidlashicha, energetik ichimliklar iste’molining keskin ortishi aholi salomatligiga xavf tug‘dirmoqda.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Qirg‘izistonda 25,3 mln litr energetik ichimlik ishlab chiqarilib, 29,6 mln litrga yaqini import qilingan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa mamlakatda 36 mln litrdan ortiq energetik ichimlik iste’mol qilingan.
Sadir Japarov energetik ichimliklar iste’moli turli kasalliklar xavfini oshirishi va sog‘liqni saqlash tizimi xarajatlariga qo‘shimcha yuk bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Uning fikricha, aholi salomatligini himoya qilish iqtisodiy manfaatlardan ustun turishi kerak.
Prezidentning hisob-kitoblariga ko‘ra, energetik ichimliklar ishlab chiqarish va importi taqiqlansa, davlat budjeti yiliga qariyb 1,5 mlrd som soliq va bojxona tushumlaridan mahrum bo‘lishi mumkin. 2025-yilda ushbu soha budjetga 1,1 mlrd somga yaqin tushum keltirgan.
Bundan tashqari, 6-noyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Erulan Kokulov energetik ichimliklarni 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga kiritdi.
Loyihaga ko‘ra, cheklov do‘konlar, kafe va restoranlar, internet-savdo platformalari hamda yetkazib berish xizmatlariga tatbiq etilishi mumkin. Shuningdek, energetik ichimliklarni savdo avtomatlari orqali sotish ham taqiqlanishi taklif qilinmoqda.
Sotuvchilar xaridorning yoshiga shubha tug‘ilganda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni tekshirishi kerak bo‘ladi. Qoidani buzgan jismoniy shaxslarga 10 ming som, yuridik shaxslarga esa 35 ming som jarima belgilash taklif etilgan. Takroriy qoidabuzarlik uchun jarimalar mos ravishda 20 ming va 55 ming somgacha oshirilishi mumkin.
Hozircha energetik ichimliklarni to‘liq taqiqlash bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Hukumatga masalani o‘rganish va tegishli choralarni ishlab chiqish topshirilgan, voyaga yetmaganlarga sotishni cheklash haqidagi qonun loyihasi esa muhokama bosqichida.
Avvalroq Spot O‘zbekiston kompaniyasi AQSHga $100 mln lik energetik va sharbatlar yetkazib berishi haqida yozgandi.