Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekistonda mehnat bozorini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Loyihaga ko‘ra, 2030-yilgacha ishsizlik darajasini 4% gacha tushirish, norasmiy sektorda ishlayotganlarning band aholidagi ulushini esa 25% gacha kamaytirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, quyidagi maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan:

  • xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlik darajasini 5% gacha, yoshlar o‘rtasidagi ishsizlikni esa 4,5% gacha tushirish;
  • boshqaruv lavozimlaridagi ayollar ulushini 35% ga, davlat fuqarolik xizmatidagi ayollar ulushini 40% ga yetkazish;
  • doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan oliy ta’lim bitiruvchilari ulushini 65% ga yetkazish;
  • vaucher tizimi asosida 700 ming nafar ishsiz va rasmiy daromadi yo‘q fuqaroning kasb-hunar, tadbirkorlik va xorijiy tillarni o‘rganish xarajatlarini qoplash;
  • vaucher tizimida nodavlat ta’lim tashkilotlarining ulushini 48% gacha oshirish.

Vaucher tizimini bosqichma-bosqich nafaqat ishsizlarga, balki malakasi eskirayotgan ishlayotgan xodimlarga ham joriy etish taklif qilinmoqda. Bundan tashqari, yo‘qolib borayotgan kasblar ro‘yxati va kelajakda paydo bo‘ladigan yangi kasblar bo‘yicha prognoz shakllantiriladi.

Hozirgi holat

Loyihada keltirilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonda mehnat resurslari 20,6 mln kishini tashkil etgan. Shundan 15,7 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi.

Band bo‘lgan 14,9 mln kishining 8,6 mln nafari rasmiy sektorda, 4,9 mln nafari norasmiy sektorda ishlaydi. Yana 1,4 mln nafari xorijda mehnat qilmoqda.

2025-yilda ishsizlar soni 745 ming kishini tashkil etgan. Bu 2024-yilga nisbatan 91 ming kishiga yoki 10,9% ga kam. Ishsizlik darajasi 4,8% gacha pasaygan.

Ta’lim va amaliyot

Loyihaga ko‘ra, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Bandlik vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bir oy ichida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni prognozlash bo‘yicha idoralararo kengash tuzadi. Kengash har yili mutaxassisliklar bo‘yicha 3−5 yillik prognozni tasdiqlaydi.

Shuningdek, oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining bitiruvdan oldingi kurs talabalari uchun kamida 3 oylik majburiy ishlab chiqarish amaliyoti joriy etiladi. 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining 9−11-sinflari dasturiga kasbga yo‘naltirish modullari kiritiladi.

Ta’lim kvotalari va kasb-hunarga o‘qitish dasturlarining kamida 70% i mehnat bozori prognozlariga bog‘lanadi.

Muhokama 19-noyabrgacha davom etadi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda xorijda ishlayotganlar soni 10 yilda ikki baravar kamaygani, pul o‘tkazmalari esa 4 baravar oshgani haqida yozgan edi.