Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt yordamida COVID-19'dan ham xavfliroq pandemiya keltirib chiqarish mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Geyts Future of AI sammitida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
Uning fikricha, zararli niyatdagi shaxslar ochiq foydalanish mumkin bo‘lgan SI modellaridan foydalanib, xavfli biologik vositalarni ishlab chiqishi mumkin.
Bu esa COVID-19 pandemiyasidan ham jiddiyroq oqibatlarga olib keladigan kasallik tarqalishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor. COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq o‘limlar soni taxminan 15 mln kishiga baholangan.
Shuningdek, Geyts AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamayotganini tanqid qildi.
Uning ta’kidlashicha, hukumat nazoratining yetarli emasligi SIdan biologik qurollar yaratish va kiberhujumlarda foydalanish xavfini oshirmoqda.
Geytsning qayd etishicha, ilg‘or SI modellari dasturiy ta’minotdagi zaifliklarni aniqlay oladi. Bu imkoniyat kompaniyalarga o‘z tizimlarini himoya qilishda yordam berishi mumkin, biroq jinoyatchilar undan kiberhujumlar uyushtirishda ham foydalanishi ehtimoli bor.
Bunday hujumlar shifoxonalar, elektr tarmoqlari, banklar va boshqa muhim infratuzilma obyektlariga zarar yetkazishi mumkin.
Microsoft asoschisining fikricha, SI kompaniyalarining o‘z faoliyatini ixtiyoriy nazorat qilishi yetarli emas.
Shu sababli u AQSH hukumatini ilg‘or SI modellarining xavfsizligini baholash bo‘yicha majburiy mezonlarni joriy etish, ularni mustaqil auditdan o‘tkazish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish va kasalliklarni erta aniqlashga qaratilgan epidemiologik kuzatuv tizimini rivojlantirishga chaqirdi.
Geytsning ta’kidlashicha, yanada kuchli SI modellarini nazorat qilish kelajakda qiyinlashishi mumkin. Shu bois xavfsizlik mexanizmlarini texnologiya yanada rivojlanishidan oldin ishlab chiqish zarur.
Avvalroq Spot Bill Geyts 2027-yilda sun’iy intellekt sabab kiberhujumlar kuchayishidan ogohlantirgani haqida yozgandi.
Uning fikricha, SI rivoji va undan zararli maqsadlarda foydalanish 2027-yilda kiberxavfsizlik tahdidlarini kuchaytirishi mumkin.