Microsoft asoschilaridan biri Bill Geyts 2027-yilda sun’iy intellektdan (SI) foydalanish bilan bog‘liq kiberxavfsizlik tahdidlari kuchayishi mumkinligini aytdi.
Uning fikricha, eng katta xavf hozircha sun’iy intellektning inson nazoratidan chiqib ketishi emas, balki undan jinoyatchilar foydalanishidir.
Geytsning ta’kidlashicha, zamonaviy SI modellari kiberhujumlarni amalga oshirishda zararli niyatdagi shaxslarga yordam berishi mumkin. Ayniqsa, bunday tizimlardagi xavfsizlik cheklovlarini olib tashlash imkoniyati xavotir uyg‘otadi.
U bu vaziyatni quyidagicha izohladi: zararli niyatdagi odamlar, xavfsizlik cheklovlarisiz ishlaydigan sun’iy intellekt va eng yangi modellar birlashsa, kelgusi yilda kiberxavfsizlik sohasida ko‘plab kutilmagan salbiy hodisalar yuz berishi mumkin.
Geytsning ogohlantirishiga ko‘ra, sun’iy intellektdan zararli maqsadlarda foydalanish quyidagi bir nechta jiddiy tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin:
- Kiberhujumlar va tovlamachilik. Jinoyatchilar SI yordamida tashkilotlarning axborot tizimlariga hujum qilib, ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi yoki pul talab qilishi;
- Moliyaviy tizimlarga zarar yetkazish. Muhim tizimlarga qilingan hujumlar fond bozori va moliyaviy xizmatlar faoliyatida uzilishlarni keltirib chiqarishi;
- Xavfsizlik cheklovlarini chetlab o‘tish. Ayrim SI modellaridagi himoya mexanizmlarini olib tashlash imkoniyati texnologiyadan noqonuniy foydalanish xavfini oshiradi;
- Biologik tahdidlar. Geyts SI vositalaridan bioterrorizm maqsadida foydalanish ehtimolini ham xavflar qatorida tilga oldi.
Tadbirkorning fikricha, SI modellari tez rivojlanmoqda va ularning imkoniyatlari kengaymoqda. Shu bilan birga, xavfsizlik choralarini takomillashtirish va texnologiyadan noto‘g‘ri foydalanishning oldini olish ishlari bu sur’atga yetishmayapti.
Geyts sun’iy intellekt xavfsizligini faqat texnologiya kompaniyalarining o‘ziga topshirish yetarli emasligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, xavfsizlik talablari, nazorat va qonunchilik mexanizmlari ham zarur. SI tizimlarida zararli foydalanishning oldini oluvchi himoya vositalari ishlab chiqish va ularni chetlab o‘tishni cheklash muhim ahamiyatga ega.
Uning yondashuviga ko‘ra, asosiy vazifa sun’iy intellekt rivojlanishini to‘xtatish emas, balki uning kuchli imkoniyatlaridan zararli maqsadlarda foydalanishni cheklashdir.
Avvalroq Microsoft asoschisi Bill Geyts sun’iy intellekt yomon niyatli odamlar qo‘lida milliardlab odamlar hayotiga xavf tug‘dirishi mumkinligi haqida aytgandi.