Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi AYQSHda sifatsiz AI-92 benzini sotilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Inspeksiya xodimlari B.M.O. korxonasiga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sifatsiz avtobenzin sotilayotgani yuzasidan kelib tushgan murojaatni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

AYQShda realizatsiya qilinayotgan AI-92 markali avtobenzindan namunalar olinib, kimyo laboratoriyasida o‘rganildi. Tahlil natijalari yoqilg‘i davlat standartlari talablariga javob bermasligini ko‘rsatdi.

Natijada shoxobcha faoliyati to‘xtatilib, sotilgan neft mahsuloti qiymatining 50% i — 37 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi A. X. korxonasiga qarashli AYQSH tegishli muvofiqlik xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlandi. Korxonaga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (88 mln so‘m) miqdorida jarima qo‘llanildi.

Bundan tashqari, O‘zenergoinspeksiya va Raqobat qo‘mitasi hamkorligida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlarning sun’iy oshirilishining oldini olish hamda amaldagi talablar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.

O‘rganishlarda Toshkent shahridagi P. N. O. ga qarashli AYQSHda AI-92 markali benzin sun’iy ravishda qimmatlashtirilgan narxda sotilayotgani aniqlandi. Xuddi shunday holat Farg‘ona shahridagi U. M. firmasiga qarashli shoxobchada ham qayd etilgan.

Har ikki holat yuzasidan AYQSH mas’ullariga tushuntirishlar berilib, profilaktik choralar ko‘rilgan. Shuningdek, narx bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni bartaraf etish va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

“Ushbu tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoqilg‘i bozorida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatida 14 ta, Surxondaryoda 18 ta, Andijonda esa 19 ta gaz to‘ldirish va yoqilg‘i quyish shoxobchasi o‘rganildi. Ularda neft mahsulotlari narxlarini sun’iy oshirish holatlari aniqlanmadi.

Avvalroq Spot gaz zapravkalar faoliyati vaqtincha cheklanishi mumkinligi haqida yozgan edi.