Senatning 21-yalpi majlisida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, mast holda avtomobil boshqarish, voyaga yetmaganlarga transport vositasini berish, tezlikni keskin oshirish va yo‘l bezoriligi uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxanovning ma’lum qilishicha, 2024-yilda yo‘l harakati qoidabuzarliklari soni 24 mln dan oshgan bo‘lsa, 2025-yilda 26,97 mln tani tashkil etgan. Yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar soni esa 2024-yildagi 1 869 nafardan 2025-yilda 2 188 nafarga yetgan.

Mast holda haydash va bolalarga transport vositasini berish

Qonun bilan Jinoyat kodeksining 261¹-moddasi sanksiyalarini kuchaytirish taklif etildi. Unga ko‘ra, mast holda transport vositasini boshqarish yoki mastlikni aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq ayrim qilmishlar takroran sodir etilganda bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, aybdorga 100−150 BHM (44−66 mln so‘m) miqdorida jarima, 300−360 soat majburiy jamoat ishlari, bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Agar bunday qilmish odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan voyaga yetmaganga avtomobil yoki mototsiklni boshqarishni topshirganlik uchun 50 BHM (22 mln so‘m) miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilanishi ko‘zda tutilgan. Bunda transport vositasi olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yiladi.

drift, haydovchilar, jarima ballari, poyga, transport, yo‘l harakati qoidabuzarliklari

“Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faqat qoidabuzarlarni jazolashdan iborat emas. Eng muhimi, xavfli vaziyatning oldini olish, uning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Axir bola o‘z harakatining barcha oqibatlarini to‘liq anglab yetmasligi mumkin. Ammo unga transport vositasini ishonib topshirayotgan katta yoshli inson buning oqibatlarini o‘ylashi va mas’uliyatni his etishi shartdir. Shuning uchun bu norma avvalo ota-onalarga, transport vositasi egalariga va undan foydalanish uchun mas’ul bo‘lgan barcha shaxslarga jiddiy ogohlantirishdir”, — dedi Burxanov.

Tezlikni oshirish va yo‘l bezoriligi

Qonunda belgilangan tezlikni soatiga 40 km dan ortiq oshirganlik uchun jarimani 9 BHMdan 25 BHMga — 3,96 mln so‘mdan 11 mln so‘mga oshirish ko‘zda tutilgan.

Tezlikni 60−80 km/soatga oshirganlik uchun jarima 15 BHMdan 45 BHMga — 6,6 mln so‘mdan 19,8 mln so‘mga oshiriladi. Tezlikni 80 km/soatdan ortiq oshirganlik uchun esa 65 BHM — 28,6 mln so‘m jarima va olti oyga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, noqonuniy avtomobil poygalarini tashkil etish va ularda qatnashish, boshqa transport vositalari harakatiga qasddan to‘sqinlik qilish, sababsiz drift va xavfli manyovrlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan yoki bu huquqdan mahrum etilgan shaxs yo‘l bezoriligini sodir etsa, transport vositasi olti oydan bir yilgacha muddatga vaqtincha olib qo‘yilishi, 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.

Burxanovning ma’lumot berishicha, 2025-yilda yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 604 ta, 2026-yilning to‘qqiz oyida esa 1 472 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.

Jarima ballari tizimi

Qonunda xavfsizlik kamaridan foydalanmaslik, rulda telefondan foydalanish va piyodalarga yo‘l bermaslik kabi qoidabuzarliklar uchun ham ta’sir choralarini takomillashtirish nazarda tutilgan.

Jumladan, jarima ballari tizimini o‘zgartirish, belgilangan ballar miqdoridan oshgan haydovchilarni transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish taklif etilmoqda. Haydovchilik huquqini qayta tiklash uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish, qayta tayyorlanish hamda nazariy va amaliy imtihonlarni topshirish tartibini belgilash ham ko‘zda tutilgan.

Burxanovning ta’kidlashicha, qonunning asosiy maqsadi jarimalar sonini ko‘paytirish emas, balki xavfli qoidabuzarliklarning oldini olish va yo‘llarda insonlar hayotini saqlab qolishdir.

“Agar qoidabuzarlik uchun jazo yetarli ta’sir ko‘rsatmayotgan bo‘lsa, uning samaradorligini qayta ko‘rib chiqish zarur. Agar bir shaxsning mas’uliyatsiz harakati boshqalarning hayotiga xavf tug‘dirsa, davlat bunday xavfning oldini olish uchun qonuniy va mutanosib choralarni belgilashi shart”, — dedi u.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini ko‘rib chiqish tartibi o‘zgargani haqida yozgan edi.