Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Sirdaryo viloyatida mahallalar, ta’lim va madaniyat muassasalaridagi sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda u o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, hududda erishilgan yutuqlar bilan birga, hal etilmagan masalalar ham ko‘p.

“Yutuqlarimiz o‘z yo‘liga, ammo yig‘ilib qolgan masalalar ham kam emas. Soha mas’ullarini jiddiy ogohlantirdim — so‘rovim shunga yarasha bo‘ladi”, — dedi u.

Tashrif davomida mahallalardan birida bog‘cha yoshidagi 1,5 ming nafar bola borligi, ammo ularning 430 nafariga joy yetishmasligi aytildi. Hududdagi bog‘chani qayta qurish va ta’mirlash rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, prezidentning madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov madaniyat markazini ta’mirlash uchun Madaniyat vazirligi 4,5 mlrd so‘m ajratganini ma’lum qildi. Mirziyoyeva yoshlarni qaysi kasblarga o‘rgatish bugungi kunda muhimligini aniqlash zarurligini ta’kidladi.

Tashrif davomida hududda 3−3,7 ming xonadonga mo‘ljallangan yirik turar joy massivini qurish rejalari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Guliston shahridagi ochiq kollektorni yopiq tizimga o‘tkazish va 24/7 rejimida ishlaydigan savdo hamda dam olish maskanini barpo etish loyihasi taqdim etildi. 1964-yilda qurilgan kollektor uzunligi — 5,4 km. Taqdimotga ko‘ra, uni tozalash xarajati 60 mln so‘mni tashkil etadi.

Kecha-kunduz faoliyat yuritadigan savdo va dam olish maskanini qurish loyihasining qiymati esa 20 mlrd so‘m bo‘lib, 50 ta savdo obyektini o‘z ichiga oladi. Loyiha natijasida yiliga o‘rtacha 18 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushumlari ta’minlanishi kutilmoqda.

Saida Mirziyoyeva mas’ullardan mavjud muammolar va ularning yechimlari haqida aniq ma’lumot berishni talab qildi. Shuningdek, ayrim biznes markazlaridagi holatni tanqid qilib, ishlarning ko‘zbo‘yamachilik bilan cheklanib qolmasligi kerakligiga e’tibor qaratdi.

“Sizlar o‘zingizni tushunib olinglar, mana bunday biznes markazlar — ko‘zbo‘yamachilik! Ahvolini qaranglar!”, — dedi u mas’ullarga.

Avvalroq Spot Yevroosiyo taraqqiyot banki Yangi Toshkent infratuzilmasiga $2,5 mlrd ajratishi mumkinligi haqida yozgan edi.